Karantin davrida internet va telefon bilan bog‘liq savollarga AKT Vazirligi javob berdi

  •   DiMaX
  •  1501
  •  25.03.2020 10:14

Karantin davrida internet va telefon bilan bog‘liq savollarga AKT Vazirligi javob berdi

O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojatlar kelib tushmoqda. 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati rahbari Sherzod Axmatov eng ko‘p berilayotgan savollar va murojatlarga to‘liq javob berdi.

O‘QING: Internet ikki oy tekin bo‘ladimi? «O‘zbektelekom» aniqlik kiritdi

  1. Bugungi, karantin holatda Internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda aholi uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi? Telefon va internet uchun to‘lov kechiksa ham karantin davrida uzib qo‘yilmasligi haqidagi qarorni o‘qidim.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori qabul qilindi. O‘zbekistonda 24 martdan boshlab fuqarolar tomonidan Internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Shu bilan birga, idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib («onlayn» rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko‘rilishi ham belgilangan.

  1. Karantin rejimi vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalari qabul qilish va yuborish mumkinmi?

Bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta xizmati strategik ahamiyatga ega deb bemalol aytish mumkin. Chunki, har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi.

Shu nuqtai nazardan, biz pochta tizimida xavfsizlikni ta’minlash, pochtalar orqali kelishi mumkin bo‘lgan turli epidemiologik holatlarning oldini olishga doimiy ravishda jiddiy e’tibor qaratamiz. Pochta sanitariya-yepidemiologiya xizmati bilan parallel ravishda ish olib boradi. Va eng muhimi shu vaqtgacha O‘zbekistonda bunday holat kuzatilmagan.

Bugungi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-yepidemiologik jihatdan ularni xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda.

Lekin global xavfsizlik choralarining kuchayishi tufayli ko‘p mamlakatlarda havo va temir yo‘llari transportlari harakatlanish rejalari o‘zgartirilmoqda yoki kamaytirilmoqda. Ko‘plab yo‘nalishlarga havo transporti qatnovi butunlay to‘xtatilgan. Shu nuqtai nazardan ko‘p mamlakatlardan pochta jo‘natmalari kirib kelishida vaqt nuqtai nazaridan muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Bu muammo bo‘yicha ham barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

  1. Hozirgi kunda maktab o‘quvchilarining onlayn darsliklari ishlab chiqilib internetga joylashtirilmoqda. Shundan kelib chiqib, internet tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

Birinchi navbatda, Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan videodarslardan bemalol foydalanish uchun internet provayderlar va mobil aloqa operatorlari tomonidan joriy yilning 1-may kuniga qadar eduportal.uz, kitob.uz, edumarket.uz, online-maktab.uz, talim.uzedu.uz, utube.uz, itschool.uz, coronavirus.uz veb-saytlarga kirishning (dostup) bepul amalga oshirilishi ta’minlandi.

Bundan tashqari mahalliy internet-provayderlar va mobil operatorlar – Uztelecom, UCELL, MobiUz va Beeline tomonidan o‘z abonentlariga ommaviy axborot vositalari manbalaridan – uzreport.news, xabar.uz, daryo.uz, gazeta.uz, kun.uz, podrobno.uz, repost.uz, uznews.uz, spot.uz hamda «ZiyoNET» xizmatidan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi!

Ikkinchi navbatda, karantin davrida Internet-trafik, mobil va telefon aloqa trafigi o‘zgarishlari doimiy nazoratga olingan. Yuklanish o‘ta yuqori darajada oshib ketadigan holatlarda amalga oshiriladigan ishlarning rejalari tayyorlangan.

Yana shuni aytish joizki, Internet xizmati tezligi foydalanilayotgan texnologiya bilan chambarchas bog‘liqdir. Ya’ni optik tolali aloqa liniyalari orqali xizmat taqdim etilgan hollarda Kompaniya yuqori tezliklarda ya’ni 100 Mbit/soniyagacha tezlikda internet xizmatini ko‘rsatish imkoniyati mavjuddir. Shuningdek, abonentlar foydalanayotgan tarif rejasi ham internet tezligiga chambarchas bog‘liq. Ya’ni 4 Mbit/soniya tezlikda internet xizmati taqdim etiladigan tarif rejasida undan katta tezlikda internetdan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmaydi. Demak ishonch bilan aytishimiz mumkinki, iste’molchining tarif rejasiga ta’sir ko‘rsatilmaydi. Bu borada barcha imkoniyatlar ishga solingan.

  1. Karantin davrida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga televizion videodarslarni yetkazish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining topshirig‘iga muvofiq:

Videodars mashg‘ulotlari joylashtiriladigan vazirliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari va rasmiy veb-saytlari (UZ-domen) foydalanuvchilar tomonidan talab ortib ketgan holatlarda uzluksiz ishlashini ta’minlashda hamda zarurat bo‘lganida xosting imkoniyatlarini kengaytirishda texnik ko‘maklashilmoqda.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ochiq holda 4 ta televizion kanal orqali «onlayn-maktab» rukni bilan tashkil etilayotgan televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha yer usti raqamli televideniye, kabelli televideniye, IP-televideniye tarmoqlari orqali hamda yer sun’iy yo‘ldoshi orqali uzoq va borish qiyin aholi punktlarida o‘rnatilgan kam quvvatli teleuzatkichlar orqali ochiq holda tarqatilishini tashkillashtirish choralari ko‘rilmoqda.

  1. Karantin davrida pochtaning xat tarqatish va shu kabi xizmatlari qay tartibda ishlaydi?

Bugungi kunda pochta aloqa bo‘limlari operatorlari, xabarchilar va ishlab chiqarish bilan bog‘liq boshqa xodimlar odatiy rejimda ishlamoqdalar. Ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan xodimlar ta’tilga chiqarildi. Faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar tegishli himoya vositalari (niqob, qo‘lqop), hamda sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlangan.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida aytib o‘tishimiz kerakki, 21 mart kuni bo‘lib o‘tgan, brifingda qaysi mamlakatlar bilan pochta almashinuvi amalga oshirilayotganligi aytib o‘tilgandi.

Ya’ni, Xalqaro pochta jo‘natmalarini tashish uchun havo transporti (Uzbekistan Airways, Aeroflot, Korean Air, Fly Dubai) xizmatlaridan foydalanilar edi. Qatnov to‘xtagani sababli qo‘shni mamlakatlar pochta operatorlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida joriy yil 20 martdan boshlab «O‘zbekiston pochtasi» AJ yer usti transporti orqali yuboriladigan pochta jo‘natmalarini quyidagi davlatlarga qabul qilishni tikladi: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Germaniya, Daniya, Italiya, Irlandiya, Ispaniya, Kipr, Lyuksemburg, Latviya, Malta, Niderlandiya, Portugaliya, Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Slovakiya, Fransiya, Finlyandiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya, Estoniya, Ukraina, Xitoy, Litva, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlar pochta aloqalari to‘liq tiklandi, deb ma’lumot bergandik.

Bugungi kungacha 20 martdan Xalqaro pochta jo‘natmalarini Qozog‘iston Pochtasi orqali haftasiga 2 marotaba yer usti transporti bilan yuborilishi yo‘lga qo‘yildi, buning natijasida 20 martda jami 777,29 kilogramm pochta jo‘natmalari 32 ta mamlakatga jo‘natildi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan mamlakatimiz ichidagi shaharlararo pochta almashinuvi o‘ziga tegishli avtotransport orqali, «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasining havo transporti orqali (Nukus, Urganch, Termiz) va qo‘shimcha ravishda qatnovi yo‘lga qo‘yilgan shaxarlararo avtobuslar orqali amalga oshirilar edi. Havo transporti va avtobuslar qatnovi bekor qilinganligi sababli yangi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha avtotransport qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Pochta almashinuvi birmuncha kechikish bilan bo‘lsa ham uzluksiz amalga oshiriladi.

  1. Yangiyo‘l tumanida kabel televideniyesi bilan bog‘liq muammolar mavjud, bu bo‘yicha nima ishlar amalga oshirilmoqda?

Bu e’tirozni vazirlik nazoratga oldi. Bu yerdagi muammolarni va kamchiliklarni o‘z vaqtida, qisqa fursatlarda bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rildi.

Bugungi kunda «POWER INVEST GROUP» MChJ Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida kabel televideniyesi xizmatlarini taqdim etadi.

Siz, kabel televideniyesining uzatilishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining «1199» va O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasidagi nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining «1144» qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Barcha murojatlar belgilangan tartibda qisqa vaqt ichida ko‘rib chiqiladi va muammolar hal qilinadi.

* * *

Hozirgi kunda O‘zbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollar va murojatlar shulardan iborat.

Fursatdan foydalanib, shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha beriladigan barcha savollar uchun vazirligimizning tunu kun – 24 soat mobaynida ishlaydigan qisqa raqamli «1199» ishonch raqami ishlab turibdi, murojat qilishlaringiz mumkin!

O‘QING: TO‘LIQ RO‘YXAT: Koronavirus tufayli operatorlarimiz qaysi saytlarni bepul qilishdi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!