Karantin sharoitida eng xavfli gadjetlar qaysilari? (+foydali mashqlar)

  •   DiMaX
  •  733
  •  27.04.2020 17:04

Karantin sharoitida eng xavfli gadjetlar qaysilari? (+foydali mashqlar)

Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘pchilik uyda qolib, turli devayslar bilan odatdagidan ko‘ra ko‘proq ishlay boshladik. Bolalar ham darslarni televideniye orqali hamda onlayn tarzda o‘zlashtirishyapti.

O‘QING: Onlayn darslarni buzgani uchun YouTube-bloger ustidan jinoiy ish ochildi

Bunaqa sharoitda ko‘zlarimizga avvalgidan ko‘ra ko‘proq yuklama tushishi aniq va bunda ayrim devayslarning «hissa»si boshqalarinikidan ko‘ra ko‘proq. Rossiyalik oftalmolog, meditsina fanlari nomzodi Aleksandr Ushnikov «Rossiyskaya gazeta»ga bu borada tibbiyot nuqtai nazaridan fikrlarini bildirgan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunaqa vaziyatda ko‘z uchun eng zararlisi – uyali telefonlardir. Hozir ko‘pchilik smartfon orqali internetga kiradi, messenjerlarda muloqot qiladi, film yoki klip tomosha qiladi. Bularning barchasi ko‘z uchun ham, miya uchun ham zo‘riqish holatini keltirib chiqaradi. Shu boisdan, smartfonlarni imkon qadar faqat gaplashish va SMS-xabar yozishish uchun ishlating, demoqda A. Ushnikov.

Ziyoni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda planshet turadi, deya davom etadi shifokor. Ko‘pincha bolalar xalaqit bermasligi uchun ota-onalar ularga planshetda biror multfilm yoki boshqa biror tomoshalarni qo‘yib berishadi. Aynan kichik yoshdagilarni qo‘yib bersa, planshetdan ajralgisi kelmaydi va kun bo‘yi tomosha qilib o‘tiraverishi mumkin. Bu esa umuman mumkin emas, yosh bolalarni imkon qadar gadjetlardan cheklab, kitob o‘qish, rasm chizish kabi boshqa ishlarga chalg‘itish kerak.

O‘QING: Nega bolaning gadjetlar bilan o‘tkazadigan vaqtini cheklash kerak?

Zarariga ko‘ra uchinchi o‘rinda noutbuk va kompyuter turadi – katta yoshlilarning ulardan muntazam shug‘ullanishi ko‘zga ziyon. Masofadan ishlaganda ham monitorga uzluksiz tikilib o‘tirmasdan, orada nafas rostlab, ko‘zlarga dam berib turish darkor.

Shu bilan birga, Aleksandr Ushnikov ko‘zni tez-tez pirpiratib turishning muhimligiga alohida urg‘u bergan. «Me’yoriy holatda kishi ko‘zini daqiqasiga 24–26 marta yumib-ochishi kerak, – deydi u. – Kompyuter oldida o‘tirib esa inson beixtiyor buni yarmigacha kamaytiradi. Natijada ko‘zning shox pardasi quriydi, qizaradi va ko‘rish qobiliyati pasaya boradi».

Ko‘zlarga dam berish uchun olim derazadagi nuqta orqali mashq usulidan foydalanishni tavsiya etadi. Bu juda oddiy, uydan chiqish ham shartmas: deraza oldiga kelib, bir ko‘zingizni kaftingiz bilan yopasiz. Ikkinchi ko‘zingiz bilan yopiq deraza oynasi orqali uzoqroqdagi biror ob’yektga tikilib qaraysiz. Bir necha soniyadan so‘ng esa ko‘zingiz fokusini oynaning o‘ziga to‘g‘rilaysiz – deraza ortidagi manzaraga emas, balki bevosita uning oynasiga bir necha soniya tikilib turasiz. Keyin esa bu ko‘zingizni kaft bilan yopib, narigi ko‘zingizda xuddi shu mashqni takrorlaysiz. Bu mashq ko‘z muskullarining dam olishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ko‘zni yumgan holda ustidan yengil bosib-bosib qo‘yish ham foydali – bunda ko‘z ichi suyuqligi harakatlanishiga yordam beradi, deydi oftalmolog. Yana ish orasida tanaffuslar qilib, tanani umumiy mustahkamlovchi gimnastika mashqlari bajarib turish ham kerak.

O‘QING: Ko‘zingizini kompyuter zararidan himoyalash usullari

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.