«Kasperskiy laboratoriyasi» WannaCry virusini Shimoliy Koreya yaratgan, deya gumon qilyapti

  •   DiMaX
  •  1100
  •  17.05.2017 10:41

«Kasperskiy laboratoriyasi» WannaCry virusini Shimoliy Koreya yaratgan, deya gumon qilyapti

«Kasperskiy laboratoriyasi»ning bosh antivirus eksperti Aleksandr Gostev o‘zining Facebook sahifasida, WannaCry tovlamachi-virusiga Lazarus kiberguruhi aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, virusdagi kod Lazarus troyan dasturlaridagi kod bilan bir xil.

2014 yili Disney kompaniyasiga uyushtirilgan kiberhujum, shuningdek, 2016 yilning fevralida Bangladesh Markaziy bankidan 81 million AQSh dollari o‘g‘irlash jinoyatida ham Lazarus xakerlar guruhi aybdor bo‘lishi mumkin.

«SWIFT orqali banklarni o‘margan hamda Sony Pictures’ga zarar yetkazgan shimoliy koreyaliklarni eslaysiz-ku. Ha, bu o‘sha – biz keyingi paytlarda ko‘p eshitgan Lazarus guruhi. Tekshiruv ishlari tobora chuqurlashtirilgan holda olib borilmoqda va WannaCry virusida hamda Lazarus troyanlarida ayni bir xil kod mavjudligi aniqlandi. Qo‘rqamanki, bundan keyin biz endi internetda Shimoliy Koreyani ko‘rmaymiz», deya ta’kidlaydi Gostev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 may kuni butun dunyo bo‘ylab WannaCry tovlamachi-virus tarqaldi. U kompyuterni bloklab qo‘yib, blokni yechish uchun foydalanuvchidan to‘lov talab qiladi. O‘zbekistonda ham mazkur virus hujumiga uchragan kompyuterlar mavjud. WannaCry tovlamachi-virusi 150 dan ziyod mamlakatda 200 mingdan oshiq internet foydalanuvchiga zarar yetkazib, o‘zining yaratuvchilariga 42 ming dollar ishlab bergan. Keyinchalik Microsoft WannaCry virusining aybdorini va himoyalanish chorasini aytgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!