Kaspersky va ESET NOD32: qaysi antivirus yaxshi?

Kaspersky va ESET NOD32: qaysi antivirus yaxshi?

Qaysi antivirusdan foydalanasiz? Kimdir ESET NOD32ni maqtasa, boshqalar Kaspersky'ni eng zo‘ri deyishadi. Sizga bu ikki antivirus haqida ba’zi bir fikrlarimizni keltirib o‘tamiz.

Odatda antiviruslar 5 ta xususiyat bo‘yicha solishtiriladi:

  1. Dizayni
  2. Ishlash va virus qidirish tezligi
  3. Qo‘shimcha imkoniyatlari
  4. Viruslar bazasi imkoniyatlari
  5. Moliyaviy qismi

Dizayni. Bu ikkala antivirus ham zamonaviylashgani sari dizayn jihatdan soddalashib bormoqda. Ortiqcha, foydalanuvchi tushunmaydigan, ko‘p qo‘llanilmaydigan funksiyalar ko‘zdan panaga berkingan.

ESET NOD32 va Kaspersky’ning dizayni boshqa antivuruslarga nisbatan ancha sodda va tushunarli. Kerakli narsalarni topish sizga u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydi. «Qidiruv» funksiyalarining oldi oynalarda joylashgani bu antiviruslardan foydalanishda ancha yengillik yaratadi. Boshida Kaspersky’da qizil rang juda ko‘p ko‘zga tashlanardi.

Qizil  hoshiyalar, qizil tugmalar va shu kabi belgilar Kasperskyning asl dizayni edi. Lekin, vaqt o‘tgan sari Kaspersky imkon qadar och yashil rangga o‘zgartirdi. NOD32 esa boshidan shu rangda edi.

O‘QING: Kompyuter samaradorligiga antivirus qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Ishlash va virus qidirish tezligi. ESET NOD32 Kasperskyga nisbatan tez ishga tushadi va tizimga yuklamasi har daqiqa kamayib boradi, yangilanish bo‘lib turganda foydalanuvchi deyarli sezmaydi. Turli xato yoki shu kabi holatlarda esa soddagina yozuvlar aks etadi. Kasperskyda esa aksincha, foydalanuvchi qancha ko‘p fayllarni ochsa shuncha tizimni og‘irlashtiradi. Agarda biror bir xato yuzaga kelsa yoki kompyuter internetga ulanmagan bo‘lsa – «vahima» solishni boshlaydi.

Qidiruv tizimiga kelsak, ESET – Kasperskyga qaraganda tez qidiradi, lekin samarasi jihatidan nisbatan past hisoblanadi. Kaspersky juda uzoq vaqt tekshiradi, lekin nisbatan ko‘proq xatarli fayllarni topadi. Shunga yarasha tizim yuklanadi va qotadi.

O‘QING: Windows 10 uchun 7 ta ishonchli antivirus

Qo‘shimcha imkoniyatlari. ESETda tashqi portlarni (fleshka portlari, diskovod) bloklash imkoniyati mavjud, qo‘shimchasiga yangi tarmoqni ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi. Kasperskyda esa tizimni qayta tiklash, bulutli himoya va shu kabi noodatiy imkoniyatlar mavjud.  

Viruslar bazasi imkoniyatlari. Yangilanish (Obnovleniye) bo‘yicha Kaspersky juda katta masalani oldinga qo‘yadi – litsenziya masalasi! Agarda NOD32ning eski varianti hech qanday litsenziyasiz viruslar haqida axborotlarni yangilasa, Kasperskyda bu juda qiyin masala, hatto, eski variantlari ham bazani yangilash uchun litsenziyali kalitni talab qiladi, aks holda qidiruv tizimi samarasiz ishlaydi, ko‘p holatda shunchaki ishlamaydi! Bundan tashqari, ESETning eski  variantlariga yangilanishni qo‘lda kiritib, internetsiz joylarda ham undan foydalanishni imkoni bo‘lsa, Kasperskyda bu ishni amalga oshirish juda juda qiyin, amalga oshirganingizda ham samaradorlik darajasi ESETga qaraganda ancha past bo‘ladi!

O‘QING: Antivirus muallifi iPhone’ni buzib kirolmasa, botinkasini yeyishga va’da berdi

Moliyaviy qismi. Endi gap litsenziyali kalitni sotib olish haqida ketadi! Yangi chiqayotgan ESET antiviruslari huddi Kaspersky kabi foydalanuvchi litsenziyali kalitni olmagunicha bazani yangilashga, viruslarga tekshirishga imkon bermaydi. Lekin ESETning ustun tomoni shundaki, uning kalitlarini bemalol internetdan tekinga topsangiz bo‘ladi (to‘g‘ri faqat 1 oy muddatli, xolos). Kasperskyning kalitlarini ham internetdan topishingiz mumkin, lekin ESETdan farqli ravishda kalitlar qalbakiligi tezda fosh bo‘ladi va antivirus litsenziyali kalit qo‘ymaguningizcha ish faoliyati samarasini kamaytiradi yoki kalit qalbakiligi haqidagi e’lonini chiqaraverib sizni «qon» qiladi! 

Yuqoridagi gaplardan qaysidir antivirusni maqtash yoki yomonlash niyatimiz yo‘q. Agarda sizda kuchli kompyuter bo‘lsa va siz moliyaviy tomondan qiyinchiligingiz bo‘lmasa Kaspersky o‘rnating va bu juda o‘ringli qaror bo‘ladi. Agarda sizga ortiqcha xarajatlar yoqmasa va kompyuteringiz ham oddiyroq bo‘lsa unda ESET NOD32 siz uchun ma’qul variant!

O‘QING: Chrome’ni sekinlashtirayotgan reklama va viruslardan osongina qutulamiz!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!