Kishida koronavirus bor-yo‘qligini endi Siri ham aytib bera oladi

  •   DiMaX
  •  3021
  •  23.03.2020 16:20

Kishida koronavirus bor-yo‘qligini endi Siri ham aytib bera oladi

Keyingi paytlarda butun dunyo ahlini xavotirda ushlab turgan koronavirus pandemiyasi texnologiyalar olamiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo, ochig‘ini aytish kerak – uning ijobiy jihatlari ham namoyon bo‘lgan.

O‘QING: Koronavirus epidemiyasini Bill Geyts bundan 5 yil avval bashorat qilgan! (2 ta video)

Apple korporatsiyasi o‘zining Siri ovozli yordamchisiga COVID-19 infeksiyasining asosiy alomatlarini o‘rgatdi. Kupertinolik korporatsiya buning uchun AQSh Jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash vazirligi hamda Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi taqdim etgan ma’lumotlardan foydalangan.

Xullasi kalom, endi Apple mijozi o‘z gadjetida «Hoy, Siri, menda koronavirus bormi?» deb so‘rasa, ovozli yordamchi unga salomatligi bilan bog‘liq savollar bera boshlaydi. Bular – COVID-19 virusining eng keng tarqalgan belgilariga aloqador savollardir. Foydalanuvchining ularga beradigan javoblaridan xulosa qilib, Siri uning tibbiy yordamga murojat etishi kerak yoki yo‘qligini aytadi.

Agarda foydalanuvchi koronavirus simptomlari haqidagi barcha savollarga ijobiy javob bersa (ya’ni, shu kasallik alomatlari o‘zida borligini tasdiqlasa), Siri unga zudlik bilan «Tez yordam» chaqirishi kerakligini aytadi. Bordiyu xastalik alomatlaridan ayrimlari kuzatilayotgan bo‘lsa, u holda ovozli yordamchi uyda qolishni, boshqa kishilar bilan muloqotga kirishmaslikni tayinlaydi. Shuningdek, virtual ovozli yordamchi belgilar og‘irlashib borsa, shifokorga murojat etishi kerakligini ham eslatadi.

Siri’ning ushbu yangilanishi hozirda faqat AQShdagi foydalanuvchilar uchun chiqarilgan. Apple uni xalqaro miqyosda ham joriy etadimi yo yo‘qmi – bunisi hali noma’lum.

O‘QING: Apple’ning «aqlli» yordamchisi Donald Trampni butun dunyoga sharmanda qildi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.