Klaviaturaga o‘rnatilgan Raspberry Pi 400 kompyuteri atigi 70 dollardan sotuvga chiqdi

  •   DiMaX
  •  1069
  •  02.11.2020 17:46

Klaviaturaga o‘rnatilgan Raspberry Pi 400 kompyuteri atigi 70 dollardan sotuvga chiqdi

AQShning nufuzli Time jurnali o‘n yillikda taqdim qilingan o‘nta eng muhim gadjet ro‘yxatiga Raspberry Pi kompyuterini ham kiritgan. Yakka platali ushbu kompyuter turli innovatsion qurilmalar ishlab chiqishda juda qo‘l keladi; masalan, biz avvalroq uning bazasida yaratilgan aqlli ko‘zgu videosini e’lon qilganmiz.

O‘QING: Bu qiziq: Odamlar ishonmagan 7 ta buyuk ixtiro haqida

Mazkur loyiha ijodkorlari endi ixcham klaviaturaga o‘rnatilgan Raspberry Pi 400 modelini namoyish etishdi. Ularning ta’kidlashicha, «bu – Raspberry Pi 4 kompyuterining 4 GB tezkor xotirali, yanada tezkor va zo‘r variantidir».

Raspberry Pi 4 kompyuteri klaviatura bilan birga sotuvga chiqarilgan bo‘lsa, Raspberry Pi 400 texnik jihatlariga ko‘ra unga o‘xshash, ammo u bevosita klaviaturaning o‘ziga integratsiya qilingan. Unga faqat microHDMI-HDMI kabeli yordamida monitor va sichqoncha ulash, microSD-karta joylash, elektr tarmog‘iga ulash kifoya – bazaviy kompyuter tayyor!

Raspberry Pi 400 kompyuteri 1,8 GGs chastotali to‘rtta ARM Cortex-A72 yadrosidan iborat protsessor bazasida ishlaydi. Shuningdek, unga Gigabit Ethernet, Bluetooth 5.0 va Wi-Fi 802.11ac modullari o‘rnatilgan. Uning korpusida micro-HDMI, ikkita USB 3.0 va bitta USB 2.0 portlari mavjud. Qurilma tokni USB-C porti orqali qabul qiladi.

O‘QING: Vizitkaga joylangan mikrokompyuter taqdim etildi!

Klaviatura-kompyuter allaqachon 70 dollarlik narx bilan sotuvga chiqqan. Shuningdek, qurilmani 100 dollarlik jamlanma tarzida ham taklif etishyapti – uning tarkibiga yana sichqoncha, quvvatlash bloki, microSD-karta, HDMI-kabel hamda boshlovchilar uchun qo‘llanma ham kiritilgan.

Raspberry Pi 400 hozirda AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyada sotilmoqda, yaqin orada esa Italiya, Germaniya, Ispaniya, Hindiston, Avstraliya va Yangi Zelandiya bozorlariga ham chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Virjil Dyupra ismli dasturchi Collapse OS nomli «Oxirzamon operatsion tizimi»ni yaratgan edi. Keyinroq esa Jey Dosher ismli kishi Raspberry Pi Recovery Kit rusumli «Oxirzamon kompyuteri»ni tergan.

O‘QING: Bitta uy narxida kompyuter sotuvga chiqdi, olasizmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!