Klaviaturalar haqida qiziqarli faktlar (1-qism)

Klaviaturalar haqida qiziqarli faktlar (1-qism)

Har kuni bir necha marotaba klaviaturadan foydalanamiz, ammo klaviaturalar qanday ishlashi yoki ularning ko‘rinishi haqida ko‘p ham o‘ylab o‘tirmaymiz.

Inglizzabon so‘zlovchilarning QWERTY klaviaturasi an’anaviy va hech qanday g‘alati xususiyatlarga ega bo‘lmagan klaviatura bo‘lishi mumkin, ammo ba’zi davlatlarda foydalaniladigan klaviaturalar biz har kuni ko‘radigan klaviaturadan umuman boshqacha. Keling, quyida matn terish vazifasini bajaruvchi ushbu qurilmalar haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishamiz.

1. Kanadacha «Qor rejimi» klavishi

Kanadaning fransuzzabon hududlari, xususan, Kvebek provinsiyasida fransuzcha-kanadacha klaviaturadan foydalaniladi. Bu klaviaturada Ctrl tugmasi o‘rnida «Qor rejimi» klavishi bor va bu klavish Ctrl tugmasi qanday vazifani bajarsa, xuddi o‘sha vazifani ado etadi. Ko‘pchilik Kanadani qish fasli, sovuq havo va qor bilan bog‘laydi, balkim shunga qor parchasi tasviri kanadacha klaviaturaga ham ko‘chirilgandir. «Qor rejimi» klavishi birinchi marta ACNOR tomonidan o‘ylab topilgan va keyinchalik boshqa kompyuter ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, jumladan, Apple tomonidan ham fransuzcha-kanadacha klaviaturalarda qo‘llanilgan.

2. Eng qisqa probel tugmasi yaponcha klaviaturalarda bo‘ladi.

Har qanday klaviaturadagi eng uzuuuuuuuuun klavish probel tugmasi hisoblanadi. Ammo Yer yuzidagi eng qisqa probel klavishini yaponcha klaviaturalarda uchratish mumkin. Nega? Chunki yapon tilida matn terayotganda lotin harflari va yaponcha belgilarni aralashtirib yozish kerak bo‘ladi. Shu sababdan, bir yozuvdan boshqasiga o‘tish uchun alohida klavish qo‘shilgan. Natijada, probelning hajmini qisqartirishga to‘g‘ri kelgan. Yaponcha klaviaturalar ko‘rinishi bunaqa bo‘ladi:

3. Probel tugmasini bir vaqtning o‘zida 600 000 kishi bosadi.

Probel haqida gap ketganda, yana bir ma’lumot. Bu tugma nafaqat eng uzun, balki eng ko‘p bosiladigan klavish hamdir. Bo‘shjoytashlanmayyozilganmatnnio‘qishqiyinbo‘ladi, to‘g‘rimi? :) YouTube'dagi ma’lumotga ko‘ra, matn terayotganda bosilgan klavishlar umumiy sonining 18% i probel ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu hali hammasi emas. Soniyaning har 1/10 ulushida butun Yer yuzi bo‘ylab probel tugmasi 600 000 marta bosiladi. Har safar joy tashlash uchun probelni bossangiz, yana qancha odam bu tugmani siz bilan teng bosishini bir tasvvur qilib ko‘ring...

4. QWERTY klavishlar tartibi eng samarali tartib emas.

QWERTY klaviaturlari eng samarali klaviatura bo‘lsa kerak, deb o‘ylarsiz, chunki ular eng keng ommalashgan klaviaturadir. Ammo bu gap o‘roqdek «to‘g‘ri»ligiga ishonasizmi? Xo‘sh, nega klaviaturalar ABDEFG harflari bilan emas, balki QWERTY bilan boshlanadi? QWERTY tartibi 1872 yil Kristofer Sholz tomonidan o‘zining yangi matn terish uskunasi uchun yaratilgan (u davrlarda hali kompyuterlar yo‘q edi). Yozuv mashinasi harflari alifbo tartibida joylashtirilganda, matn teruvchi shunchalar tez matn terardiki, natijada uskunaning mexanik qismlari (ularni «bolg‘a» deb atashgan) ishdan chiqardi. Sholzga matn terish tezligini pasaytirish uchun harflar ketma-ketligini chalkashtirib tashlash g‘oyasi keladi. Shunday qilib, QWERTY klaviaturasi aslida matn QWERTY jarayonini sekinlashtirish uchun ishlab chiqilgan, ammo kompyuterlar paydo bo‘lganda ham bu klaviaturani negadir hamma birdek ijobiy qabul qildi va harflar joylashuvi ham shunday bo‘lib qoldi.

5. Mini-klaviaturalar

Bu turdagi klaviaturalarda faqatgina bir necha tugmalar yordamida oddiy klaviaturadagi barcha belgilarni hosil qilish mumkin. Ammo qaday qilib? Bitta belgini hosil qilish uchun bitta tugmani bosish o‘rniga, bunday klaviaturalarda xuddi pianinodagi kabi akkordlardan foydalaniladi. Shuning uchun ham, bu klaviaturalarni akkordli klaviatura deyishadi. Akkordli klavirturalar, asosan, ko‘zi ojizlar tomonidan (Brayl versiyada) yoki oddiy klavituradan foydalanish besamar bo‘lgan vaziyatlarda ishlatiladi.

6. Kir klaviaturalar

Klaviaturalarda hojatxona unitazidagidan ko‘ra ko‘proq mikrob yig‘ilishini bilasizmi? Britaniyalik olimlar sinovdan o‘tkazgan 33 ta klaviaturadan 4 tasi salomatlik uchun xavfli darajada ko‘p mikrob to‘plagan, 1 tasida esa hojatxona unitazidagidan 5 barobar ko‘p mikrob borligi aniqlangan. Turli infeksiya va kasalliklarning oldini olish uchun klaviaturadan foydalanishdan oldin uni antiseptik vosita bilan tozalang va qo‘llaringiz yuvilganiga ishonch hosil qiling.

7. Klaviaturalar uchun trendlar

Oxirgi bir necha yildan buyon, ayniqsa, yoshlar orasida leptop klaviaturalari va butunboshli leptopni vinil stikerlar bilan bezash urf bo‘lgan. Bu stikerlarda hozir trendda bo‘lgan moda, turli rang va shakllar aks ettiriladi. Hatto mana shunday stikerlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyalar ham bor. Ulardan biri Keyshorts kompaniyasi. MacBook'lar klaviaturasi uchun bezaklarga qiziqsangiz, bu yerga bosib ularning saytiga o‘ting.

8. Deyarli ishlatilmaydigan klavishlar

Zamonaviy klaviaturalarda to‘rtta tugma borki, ular oldingi kompyuterlardan meros bo‘lib qolgan. Ammo ko‘pchilik ulardan deyarli umuman foydalanmaydi va foydalanishga harakat qilib ham ko‘rmagan. Ular qaysi klavishlar? Quyida ularning 3 tasi haqida to‘xtalib o‘tamiz:

System Request klavishi ko‘pincha SysRq yoki SysReq qilib qisqartirib yoziladi. Bu klavishning kelib chiqishi 1980-yilga borib taqaladi. O‘sha davrdagi IBM kompyuterlari, odatda, bir necha operatsion tizimda ishlardi. System Request tugmasi bilan mana shu tizimlarning biridan ikkinchisiga o‘tish mumkin edi. Ammo keyinchalik, bu klavishga ehtiyoj sezilmay qoldi, chunki hozirgi kompyuterlar, asosan, faqat bitta tizimda ishlaydi.

Print Screen (ko‘pincha System Request bilan birga joylashgan bo‘ladi) klavishini PrtScr yoki PrntScr deb qisqartirib yozishadi. Bu tugmaning asl maqsadi ekran tasvirini olib (hozirgi smartfonlardagi skrinshot kabi), uni qog‘ozga chiqarish bo‘lgan. Hozirda esa bu klavish ekran tasvirini olib, uni buferga saqlash vazifasini bajaradi.

Pause/Break klavishi xuddi XIX asr telegraflaridagi tugma kabi vazifani bajaradi. Telegraflarda vaqti-vaqti bilan elektr toki uzib turilishi kerak bo‘lgan. Hozirda bu tugmaning amaliy ahamiyati deyarli yo‘qolgan, uni faqatgina tezkor klavishlar kombinatsiyasi yoki ba’zi o‘yinlarda ishlatishadi. Pauza funksiyasi dastur ishlamay qolganda uni o‘chirish yoki berilgan buyruq bajarilishini to‘xtatish uchun o‘ta kamdan-kam hollarda va faqat dasturchilar tomonidan ishlatiladi.

9. Foydasiz Scroll Lock tugmasi

Scroll Lock (ScrLk) tugmasi zamonaviy klaviaturalardagi umuman keraksiz klavishlarning to‘rtinchisidir. Bu klavishning vazifasi klaviaturadagi strelka klavishlari bosilganda, ekranning harakatlanishini bloklash bo‘lgan, ammo shu kungacha bunday funksiyaning umuman amaliy ahamiyati bo‘lmagan. Shuning uchun ham, bu tugma deyarli umuman bosilmaydi.

10. Ikki tilli klaviaturalar

Ko‘pchilik insonlar va biznes tashkilotlari ikki tilda ish yuritadi, muloqotga kirishadi. Ikki tilli yoki bilingual klaviaturalar, ayniqsa, tarjimonlarga ko‘p kerak bo‘ladi. Biznes tashkilotlari, xususan, mijozlar bilan ishlash bo‘limlari chet tilida so‘zlashuvchi mijozlar bilan yozma aloqaga kirish uchun bu turdagi klaviaturalarga murojaat qiladi. Yana bir ma’lumot — ikki tilli klaviaturalar bir tilli klaviaturalardan ko‘ra qimmatroq turadi.

Keltirib o‘tgan ma’lumotlarimiz sizga yoqdimi? Ha? Demak, maqsadimizga erishibmiz, ammo bu hali hammasi emas. Ushbu maqolaning davomi ham bor. Klaviaturalar haqidagi navbatdagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishish uchun hafta davomida saytimizni kuzatib boring.

O‘QING: Kompyuterlar haqida qiziqarli faktlar

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.