Komil Allamjonov: «Xorijiy saytlardan to‘liq foydalanish mumkin bo‘ladi»

  •   DiMaX
  •  483
  •  11.05.2019 09:38

Komil Allamjonov: «Xorijiy saytlardan to‘liq foydalanish mumkin bo‘ladi»

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir yaqinda O‘zbekiston hukumatini saytlarni bloklamaslikka va OAV haqidagi qonunni xalqaro normalarga muvofiqlashtirishga chaqirgandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bosh direktori Komil Allamjonov ushbu rasmiy murojaatga munosabat bildirgan edi.

O‘QING: Axborot va kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekistonda saytlar bloklanayotgani haqidagi YeXHT tanqidiga munosabat bildirdi

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezirning O‘zbekistonda ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi rasmiy murojaati Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘rganib chiqildi, deb yozadi K. Allamjonov kecha o‘zining Facebook’dagi rasmiy sahifasida.

O‘rganish natijasida ko‘rsatilgan veb-resurslarning O‘zbekistonda to‘laqonli ishlashlariga to‘siq bo‘lgan texnik kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi, deydi u.

Agentlik rahbarining ta’kidlashicha, endi «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to‘liq foydalanish imkoni mavjud bo‘ladi.

«Davlatimiz rahbari doimo O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligi zarurligini ta’kidlaydi. Shunga ko‘ra, Agentlik jurnalistlar mavqeini mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, davlat organlari shaffofligini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida faoliyatini davom ettiradi», deb yozadi Komil Allamjonov.

Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xorij ommaviy axborot vositalari, umuman, jurnalistlardan kasb etikasi tamoyillariga rioya etishlari, tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlardan foydalanmaslikni, shuningdek, asoslanmagan, mish-mish va gumonlarni tarqatmasliklarini so‘raydi.

O‘QING: RASMAN: O‘zbekistonda ekstremistik va terroristik profil, kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!