Kompyuterda joy «o‘g‘irlab» yotgan fayllarni aniqlovchi 3 dastur

  •   DiMaX
  •  4290
  •  10.04.2017 13:47

Kompyuterda joy «o‘g‘irlab» yotgan fayllarni aniqlovchi 3 dastur

Garchi hozirgi kompyuterlarning qattiq disklari hajmi terabaytlarni tashkil etsa-da, baribir ular ham to‘lib qolishi mumkin. Nisbatan eski kompyuterlarda esa bu muammo tez-tez uchrab turadi. Ba’zan esa hatto diskni to‘ldirib yotgan narsa nima ekan o‘zi, deb o‘ylanib ham qolamiz.

Quyidagi uchta dastur esa kompyuterdagi qattiq diskni qaysi fayl, qancha miqdorda egallaganini aniq ko‘rsatib beradi. Uyog‘iga o‘zingiz hal etishingiz mumkin: fayllarni o‘chirib tashlash yoki ko‘chma xotira qurilmasiga ko‘chirib olib qo‘yish o‘z ixtiyoringizda.

CCleaner

Windows uchun eng ommabop tozalagich-dastur CCleaner hisoblanadi. Aslida uning funksiyalari ko‘p, shulardan biri – katta hajmli fayllarni izlab topish. U dasturning «Servis» bo‘limida joylashgan bo‘lib, «Analiz diskov» – «Disklar tahlili» deb nomlanadi.

CCleaner disk makonini doirasimon diagramma tarzida ko‘rsatadi. Undagi bo‘lmalar fayllarning asosiy turlariga – tasvir, hujjat yoki video fayllari kabilarga ko‘ra ajratilgan bo‘ladi. Pastroqda esa har bir turga oid batafsil ma’lumotlar ko‘rsatilgan jadval joylashgan.

WinDirStat

Mazkur dasturni ishga tushirganingizda, u qattiq diskning qanchalik va nimalar bilan to‘lganligini tekshirib chiqadi va uning holatini aks ettiruvchi kartani aks ettiradi. Mazkur karta turli kvadrat va to‘g‘ri to‘rtburchak shakllardan iborat bo‘ladi. Bu shakllarning rangi shu yerdagi fayllarning turini bildiradi, kattaligi esa – ularning hajmini.

WinDirStat’da istalgan shaklning ustiga sichqoncha bilan chertsangiz, shu yerdagi faylning aniq hajmini va diskdagi joylashuv o‘rnini ko‘rsatadi. Jihozlar panelidagi tegishli tugmacha orqali istalgan faylni shu yerning o‘zidayoq o‘chirib tashlashingiz yoki fayl menejeri yordamida uning joylashgan papkasini ochib ko‘rishingiz mumkin.

SpaceSniffer

Bu – CCleaner va WinDirStat dasturlarining zo‘r analogi. SpaceSniffer ham diskni to‘ldirib turgan fayllarni xuddi WinDirStat kabi ko‘rinishda aks ettiradi, ammo bunda fayllarni ko‘rish «chuqurligi»ni va aks ettiriluvchi detallar miqdorini osongina sozlash ham mumkin. Bu imkoniyat tufayli esa siz avvalo eng katta katalog – papkalarni ko‘rishingiz, keyin esa fayllar tizimi oralab tobora «tubiga sho‘ng‘ishingiz», eng mayda fayllargacha topib borishingiz mumkin.

Xo‘sh, ortiqcha fayllardan qutulish uchun siz qay birini tanlaysiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!