Kompyuterdan qanday foydalanasiz?  

Kompyuterdan qanday foydalanasiz?   

Har qanday buyum uzoq yillar xizmat qilishi uchun, albatta, unga qoidasiga muvofiq munosabatda bo‘lish va belgilangan tartibda foydalanish juda zarur. Ayniqsa, bu qonun-qoidalar texnik qurilmalar uchun katta ahamiyatga ega. Shu jumladan, kompyuter texnologiyalarida ham.

Ba’zi foydalanuvchilar, ishlab bo‘lgach, kompyuterni shunchaki manbadan uzib ketaveradi. Bu juda qo‘pol tartib va bunday holat kompyuterdagi barcha ma’lumotlar, fayllar hamda dasturlarning shunchaki yo‘q bo‘lib qolish ehtimolini keltirib chiqaradi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, operatsion tizim yoqilganda dasturlar yuklanmasligi, ishlashi uchun kerak bo‘ladigan ilovalar ochilmasligi mumkin.

Yodda tuting, hatto klaviatura, ya’ni yozuv tugmachalari ishlamay, Reset – qayta yuklash buyrug‘i ham yordam bermaydigan vaziyat bo‘lsa-da, kompyuterni to‘g‘ridan-to‘g‘ri manbadan uzmaslik shart. Bunday holatda Power tugmachasini qayta bosib, bir oz ushlab turish kerak.

Ha, yana bir gap. Ko‘pchilik monitorni shunchaki o‘chirib, shu bilan maqsadga erishdim, deb o‘ylaydi. Ammo bu yanglish fikr. Chunki monitor o‘chirilgani bilan operatsion tizim va qattiq disk bu paytda ishlayotgan bo‘ladi.

Shunday qilib, kompyuterni o‘chirib-yoqishni yaxshi bilishingizga aslo shubxa qilmagan holda, qanday to‘g‘ri o‘chirish kerakligini yana bir bor eslatib o‘tamiz:

O‘chirishdan avval barcha zaruriy ma’lumotlarni saqlab, ochiq dasturlarni yopish kerak.

So‘ng, menyudagi “Pusk”ka kirasiz, o‘chirish punktini tanlaysiz. Oynadagi “Kompyuterni o‘chirish” degan qismidan “O‘chirish” yoki “Ishlarni yakunlash” tugmasini bosasiz. Aytgancha, Alt+F4 birikmasi bilan barcha dasturlar va kompyuterni o‘chirsangiz ham bo‘ladi. Aslida, bu juda oddiy va ko‘p vaqt talab qilinmaydigan jarayon. Eng muhimi, bu paytda erinmaslik va hafsala.

Shaxsiy kompyuteringizni qoidalarga muvofiq ishlatsangiz, u sizga sifatli va uzoq yil xizmat qiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!