Kompaniyalar “imzosi”ga aylangan muvaffaqiyatli mobil telefonlar

Kompaniyalar “imzosi”ga aylangan muvaffaqiyatli mobil telefonlar

Mobil aloqa vositasi, telefon va smartfon ishlab chiqaruvchi har bir kompaniya tarixida muvaffaqiyatni boshlab bergan, jahon e’tiborini qozongan o‘zining “tashrif qog‘ozi” bo‘ladi. Bu telefonlar ilg‘or jihatlari bilan o‘z vaqtida mobil aloqaning keyingi rivojini ta’minlagan.

Quyida e’tiboringizga mobil kompaniyalar tarixidagi eng yaxshi telefon apparatlarini havola qilamiz.

 

Apple iPhone

Apple korporatsiyasining yuziga aylangan mahsulot, bu – ayfon. To‘g‘ri, ilk ishlab chiqarilgan telefonni “aqlli” deyishga til bormagan. Biroq, keyinchalik bu nom jahon smartfon bozorini rivojlantirgan raqobatni harakatlantiruvchi kuchga aylandi.

iPhone 2007 yilning 9 yanvarida kompaniya rahbari Stiv Jobs tomonidan MacWorld Expo ko‘rgazmasida namoyish etiladi.

Bugun ham ayfon jahon smartfonlarining sardori hisoblanadi. Kompaniyaning har taqdimoti katta qiziqish bilan kutiladi.

Ayniqsa, 2010 yilda namoyish etilgan iPhone 4 kompaniyaning ilk xalqaro e’tirof etilishiga xizmat qildi. Apple bu ayfonda jozibali dizayn va aniq-tiniq Retina-displey, markazlashgan protsessor, sifatli kamerani jam qila oldi — bu haqiqiy texno-mo‘’jiza edi.

Kompaniyaning 2016 yilda ma’lum qilishicha, 2015 yilning oktyabridan dekabriga qadar rekord darajada – 74.8 million dona ayfon sotishga muvaffaq bo‘lingan. Ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzidagi har 7 kishidan bittasiga 1 dona ayfon to‘g‘ri keladi.

 2

BlackBerry Bold 9700

Kanadalik telekommunikatsiya ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish BlackBerry kompaniyasi QWERTY – sensor ekran va klaviatura uyg‘unlashgan boshqaruvdagi smartfonlari bilan tillarga tushdi.

Shu bilan birga, BlackBerry xaridorlari va foydalanuvchilarga taklif etgan ilk ilg‘or xizmatlarni ham unutmaslik kerak. Birinchi navbatda, uning axborot xavfsizligi ta’minlangan, ishonchli smartfoni, xususan Bold 9700 hozirga qadar ham shuhratini yo‘qotmagan. Shu bois, hozirgacha ham davlat rahbarlari va yirik ishbilarmonlar mazkur brend telefonlaridan foydalanishadi.

2009 yilda foydalanuvchilar e’tiboriga havola qilingan Bold 9700’ning 3.2 megapikselli kamerasi LED fotochaqnoqqa ega bo‘lgan.

Ekspertlarning ma’lum qilishicha, kompaniyaning Android smartfonlar ishlab chiqarish haqidagi so‘nggi qarori uning nufuziga putur yetkazmoqda.

3

HTC Desire

HTC kompaniyasining muvaffaqiyatli tarixi HTC Hero bilan boshlangan bo‘lsa,  2010 yilda taqdim etilgan HTC Desire smartfonlar turkumi bu omadning shukuhini yangilashga erishdi. Mazkur smartfon shu yilning eng yaxshi smartfoni deb e’lon qilindi.

2010 yilning «Bestselleri» sifatida HTC Desire eng ko‘p sotilgan mobil telefonlar ro‘yxatining 3-pog‘onasidan joy olgan. Xususan, 2014 yilning mart oyida sotuvga chiqarilgan HTC Desire 816 fableti 10 daqiqa ichida 50 ming dona sotilgan. Uni olish uchun esa 1 million kishi ro‘yxatdan o‘tgan edi.

Shu bilan bira, Windows Mobile turkumidagi HTC HD2 smartfoni ham kompaniya mijozlarining ishonchni oqladi.

4

LG G2

LG, garchi jahonning taniqli texnologiya ishlab chiqaruvchisi bo‘lsa ham, uzoq vaqt davomida smartfon bozorida o‘zining “imzosi”ga ega bo‘la olmadi. Kompaniya ajabtovur ko‘rinishdagi, eng g‘alati gadjetlarni ham namoyish qildi. Ammo, barchasi omadsizlik bilan yakun topdi.

Nihoyat, 2013 yilning avgustida namoyish qilingan LG G2 Android smartfonidan so‘ng kompaniya bu borada ham nimadir yangilik qila olishiga boshqalarni ishontira boshladi.

LG G2 – korpus yonlari tugmalardan xoli bo‘lgan nafis smartfon. Uning barcha boshqaruv tugmalari korpus orqa panelidan joy egallagan edi.

2013 yilning sentyabridan dekabriga qadar jahon bo‘ylab 3 million dona G2 smartfoni sotilgan. Shundan 900 mingtasi koreyaliklarning o‘zidan ortmagan.

Ko‘pchilik kompaniya ishlab chiqargan Nexus 5 mobil aloqa vositasini ham e’tirof etadi. Ammo, Nexus 5 muvaffaqiyati — bu ko‘p jihatdan uning buyurtmachisi bo‘lmish Google’niki hisoblanadi.

5

Motorola RAZR V3

Motorola kompaniyasi haqida ikki og‘iz fikr bildirish istagidagi kishi kompaniyaning 2004 yildan ishlab chiqara boshlagan RAZR V3 buklama telefonini esga oladi. Telefon o‘ziga xos dizayni bilan tezda ommalashdi. Metall plastinali klaviatura va elektrolyuminantli klaviatura osti chirog‘i bilan u ko‘pchilikka go‘yoki kelajak aloqa vositalarini eslatib yubordi.

Yaqin kunlargacha ham uning turli modellari bozorda ommabop edi. Forbes jurnali RAZR turkumini jahoning eng ommalashgan mobil telefonlari sifatida qayd etgan. Bugun ham ko‘pchilik shu shakldagi buklama smartfonlar orzusida yursa ajab emas.

6

Nokia 3310

Haaa! Finlandiyalik ishlab chiqaruvchi Nokia’ning telefon sanoatidagi dovrug‘i axborot texnologiyalari tarixi sahifasidan o‘rin olgan bo‘lsa ham, ko‘pchilik hanuz uning telefonlari sabab yaralgan go‘zal xotiralar, muloqotlarni iliq taassurot bilan eslaydi. Xususan, bu jahonda Nokia 3310 telefon apparatini tanimaydigan odamni topish qiyin. Albatta, bugungi yoshlarni hisobga olmaganda.

Kompaniya ayni shu qurilmasi tufayli ham muvaffaqiyatli davrini boshladi. Nokia 3310 imkoniyatlari sabab ko‘pchilik boshqa brendlarning mahsulotlaridan voz kechgan.

2000-yilning to‘rtinchi choragida taqdim etilgan telefon apparati jahon bo‘ylab 126 million dona sotilgan. Jahonda boshqa biror oddiy telefon modeli bu qadar ko‘p sotilgan emas.

7

OnePlus One

So‘nggi vaqtlarda OnePlus brendi haqida yaxshi gap-so‘zlar yuribdi. O‘z vaqtida kompaniya OnePlus One gadjeti orqali xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchisi ham jahon andozalariga mos aloqa vositasini ishlab chiqara olishini isbotlagan.

2014 yilda “flagmanlar kushandasi” laqabi ostida tanishtirilgan “aqlli telefon”ning yana bir muhim jihati shundaki, OnePlus One orqali ko‘pchilik yaxshi smartfon doim ham qimmat bo‘lmasligini anglab yetgan. U 299 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan.

Kompaniyaning Forbes’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, apreldan noyabr oyiga qadar 500 ming dona OnePlus One qurilmasi sotilgan.

Samsung Galaxy S3

Bugungi jahon smartfon bozorining yaqqol peshqadami bo‘lgan Samsung Electronics’ning “muvaffaqiyat tarixi” ibtidosiga hali u qadar ham ko‘p bo‘lmagan.

2012 yilning 3 mayida Londonda namoyish etilgan Samsung Galaxy S3 Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi ham bozor uchun munosib Android smartfoni tayyorlashga qodirligini namoyon etgan.

Android smartfonlari orasida o‘sha davrda mazkur qurilmachalik ommalashgan boshqa gadjetni topish mushkul bo‘lgan.

Samsung Galaxy S3 hanuz turli modifikatsiyalarda sotilayotgan muvaffaqiyatli smartfon. Samsung ushbu chiroyli, ko‘p funksiyali “aqlli” telefoni orqali ilk marotaba smartfon bozorida Apple’ga chinakam raqib paydo bo‘lganini eslatib qo‘ydi.

Gadjet 2012 yilning 29 mayida sotuvga chiqqan bo‘lsa, Samsung mazkur – 2-chorakning o‘zida 6,5 million dona Samsung Galaxy S III smartfonini sotib, tarixida ilk marotaba rekord darajada – $4,5 mlrd foyda ko‘radi.

Bir yil orasida 50 millionga yaqin Galaxy S III sotilgan.

Ehtimol, siz Galaxy Note, kompaniyaning ilk fabletini ham yuqori baholarsiz. Uni ham muvaffaqiyatli gadjetlar qatoriga qo‘shish mumkin.

9

Siemens SL45

Germaniyalik ishlab chiqaruvi hisoblangan, bugungi avlodga u qadar ham tanish bo‘lmagan Siemens’da ham o‘zining omadli davri bo‘lgan. Ayniqsa,

2000-yilda taqdim etilgan SL45 e’lon qilingach, jahon ahli ilk marotaba telefon apparati misolida nemischa sifat va o‘ziga xoslikning guvohi bo‘ldi.

Ilk MP3-pleyer funksiyasi va MMC qo‘shimcha xotira bo‘lmachasiga ega bo‘lgan Siemens SL45

o‘sha davrning “ayfoni” bo‘lgan: uni sotib olishga har kimning ham qurbi yetmagan.

 

Sony Ericsson K750i

Yaponiyaning Sony Mobile Communications Inc kompaniyasi bugun qancha harakat qilmasin, ammo telefon apparati bozoridagi o‘zining avvalgi shuhratini takrorlay olayotgani yo‘q. Hatto, bugungi “Xperia” turkumi ham Sony’ga Sony Ericsson K750i apparati olib kelgan muvaffaqiyatni bera olmayapti. Sifatli ekran, sifatli kamera, musiqiy imkoniyatlar — tarixda Sony telefonlarini raqiblaridan ajratib turgan jihatlar bo‘lgan.

2005 yilda taqdim etilib, shu yilning o‘zidayoq  bestseller gadjetga aylanadi va 2 megapikselli kamerasi evaziga “yilning eng yaxshi kamerafoni” nomiga sazovor topiladi.

Xulosa

2000 yillarda mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilar soni bir necha o‘ntani tashkil qilgan bo‘lsa, ayni kunda ular soni 100 dan oshadi. Bizni qachonlardir mo‘’jizadek tuyilgan texnologiyalari bilan hayratlantirgan ba’zi kompaniyalar bugun mazkur biznesdan chiqib ketishgan. Ularning o‘rni esa yangicha tasavvur va ehtiyoj mahsuli bo‘lgan smartfon ishlab chiqaruvchisi bilan to‘lmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.