Koreya bilan hamkorlikda Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochildi

  •   DiMaX
  •  1306
  •  19.04.2019 10:54

Koreya bilan hamkorlikda Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochildi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: Maktablarda elektron kutubxonalar takomillashmoqda

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Koreya Respublikasi eksport-import banki prezidenti Yun Sung Su, «LG CNS» kompaniyasi prezidenti Kim Yon Sob, diplomatik korpuslar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari ishtirok etdi.

Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi (UZNEL) loyihasi respublikamizda ilk joriy etilgan elektron kutubxona sifatida faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda. Ushbu loyiha Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirildi.

Loyihaning asosiy maqsadi axborot-kutubxona muassasalarini yagona elektron kutubxona tizimiga ulash orqali aholi bilim saviyasi va sifatini oshirishdan iborat. Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi elektron kutubxona, raqamlashtirish va skanerlash markazi hamda multimedia markazidan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusning to‘rtinchisi, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish tashabbusiga hamohang bo‘lib, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

– Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyihasini O‘zbekiston Respublikasida joriy qilish, tashkiliy ishlar, jumladan, boshqaruv (menejment), texnik qo‘llab-quvvatlash, dasturiy ta’minotlar bilan ishlash, axborot-resurslaridan ilmiy-ta’lim yo‘nalishida foydalanishni tashkil etish uchun «LG CNS» kompaniyasi tomonidan mutaxassislar tanlab olindi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva – Markaz to‘liq zamonaviy jihozlandi. Mahalliy axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari «Boshqaruv», «Kutubxonachilar» va «Operatorlar» guruhlariga bo‘linib, koreyalik hamkorlarimiz ularga loyiha tizimining yaratilish strategiyasi, ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlari, loyiha dizayni va kelajakdagi faoliyati, shuningdek, PSS (TULIP Web) hamda IELS(TULIP) loyihalari, veb-sayt taqdimoti va uning ishlash tizimi haqida ma’lumot berdi.

O‘QING: Samarqandda Smart-muzey ochildi – u Markaziy Osiyoda yagona!

Ushbu loyiha doirasida 2014 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Koreyaga yo‘l» ixtisoslashgan o‘qish zali ochilgan.

Ma’lum qilinishicha, Milliy umumta’lim elektron kutubxona loyihasi birinchi bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va viloyatlardagi 20 ta kutubxonani o‘zaro bog‘lab yagona ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zlangan. Kelajakda O‘zbekiston hududida joylashgan 200 ta kutubxonani qamrab olish rejalashtirilgan.

Foydalanuvchilarga zamonaviy, sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida Milliy umumta’lim elektron kutubxonasida multimedia o‘quv zallari, video hudud, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus joylar, raqamlashtirish markazi, audio va video studiyalar ishlamoqda.

Raqamlashtirish xonasida turli xil turdagi skaner, mikroplyonka qurilmalari, kesish va yelimlash dastgohlari o‘rnatilgan. Bu qurilmalar orqali nafaqat umumta’lim elektron kutubxonasi materiallarini balki turli xildagi materiallarni raqamlashtirib, elektron holatga keltirish mumkin. Bu elektron holatdagi ma’lumotlardan e-book tizimi orqali kutubxona foydalanuvchilariga nafaqat bino ichida balki masofadan turib xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.

Multimedia xonalarida joylashgan audio va video studiyalari umumta’lim kutubxonasida olingan video tasmalarga ishlov berish, turli xil roliklarni tasvirga olish, tasmalarga turli chet tillarida subtitrlar qo‘shish va ovoz berish imkoniyatini beruvchi zamonaviy qurilmalar bilan ta’minlangan.

O‘QING: Agrar universitetida «Qr-book» tizimida ishlovchi elektron kitob javoni stendlari joriy etildi