Koreyalik texno-gigant o'z biznesini Rossiyadan O'zbekistonga ko'chirish niyatida

Koreyalik texno-gigant o'z biznesini Rossiyadan O'zbekistonga ko'chirish niyatida

Kommersant nashri o'zining maishiy texnika bozoridagi manbasiga asoslanib xabar berishicha (iXBT.com orqali), Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi rahbariyati Rossiyadagi zavodni yopish va ishlab chiqarishni O'zbekistonning Artel zavodlariga ko'chirishni muhokama qilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, Rossiyadagi LG kompaniyasi top menejmentining bir qismi allaqachon Toshkentga ko'chib o'tgan. Biroq, Artel Electronics ayni paytda LG bilan hamkorlik yo'qligini ma'lum qilgan, yoxud muzokaralar haqidagi ma'lumotlar oshkor qilinmagan.

LG uchun O'zbekiston yagona variant emas. Kompaniya 1998-yildan beri Qozog'istonning Olmaota shahridagi zavodini yuritib kelgan, lekin u bir necha yil avval yopilgan. Shunga qaramay, mamlakatning Raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik vazirligi LG bilan yangi zavod ochish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda.

LG'ning Rossiyadagi riteyleri bergan ma'lumotlarga ko'ra, kompaniya mahsulotlari ulushi o'tgan yilgiga qaraganda sezilarli darajada tushib ketgan. Finam kompaniyasi tahlilchisi Leonid Delitsinning ta'kidlashicha, LG o'zining Rossiyadagi biznesi taqdiri haqida biror-bir qaror qabul qilishi kerak.

"O'zbekistonda Koreya bilan hamkorlikda 80 ta korxonalar faoliyat yuritadi. Mamlakat rivojlanishidan avvalgi, sovet davridagi ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda 200 ming koreys yashaydi, shuning uchun ikki mamlakat o'rtasidagi turli xil biznes aloqalaridan ajablanilmasa ham bo'ladi", deydi Delitsin.

Shuningdek, uning qo'shimcha qilishicha, ishchi kuchi arzonligi sabab ishlab chiqarishni O‘zbekistonda ko'chirish Qozog‘istondan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. Ammo, ekspertlarning fikricha, aholisining jon boshiga to'g'ri keladigan daromadi yuqori bo'lganligi sabab Qozog'iston bozorida LG mahsulotlari sotuvi yaxshiroq bo'lishi mumkin. Holodilnik.ru'ning tijorat direktori Aleksey Pogudalov ham LG O‘zbekistonga ko'chib ketishiga shubha qiladi, chunki Artel bo'sh joy imkoniyati mavjud emas. Ta'kidlash joizki, Artel ishlab chiqarishda Samsung bilan ham hamkorlik qiladi.

Agar "LG Rossiya" O'zbekistonga ko'chib keladigan bo'lsa, kompaniya muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari va televizorlar ishlab chiqarishi aytilmoqda.

O'QING: “ICT Week Uzbekistan – 2022” Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.