Koronavirus va Google: texnogigantning javobi qanday?

Koronavirus va Google: texnogigantning javobi qanday?

Mountain View'da joylashgan internet qidiruv giganti Google kichik va o‘rta bizneslar, hukumat va sog‘liqni saqlash tashkilotlariga COVID-19 inqirozi borasida yordam berish uchun 800 million dollardan ortiqroq mablag‘ ajratishga qaror qilganini e’lon qildi.

Bu haqda ko‘plab nashrlar, jumladan, Google blogiga asoslanib, GSMArena xabar bermoqda.

Kompaniya Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) va dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq davlat idoralariga COVID-19 tarqalishining oldini olish to‘g‘risida ma’lumot berish uchun 250 million dollarlik reklama grantlari ajratdi. Bundan tashqari, Google nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) va jamoat moliya institutlariga 20 million dollar miqdoridagi reklama kreditlarini taqdim etmoqda. Bu mablag‘lar yordam fondlari to‘g‘risida e’lonlar tarqatishda ko‘maklashishga qaratilgan.

Quyida Google ajratgan 800 mln dollardan ortiq mablag‘ning qolgan taqsimoti keltirilgan:

•Kichik va o‘rta bizneslarga ko‘maklashishlari uchun NNTlar va moliya institutlarga 200 million dollarlik investitsiya fondi;

•So‘nggi bir yil davomida faol hisob qaydnomalariga ega bo‘lgan kichik biznes sub’yektlari uchun 340 million dollarlik Google Ads kreditlari. Kreditlar joriy yil oxirigacha ishlatilishi mumkin;

•COVID-19 bilan kurashish usullarini izlayotgan ilmiy muassasalar va tadqiqotchilar uchun 20 million dollarlik Google Cloud kreditlari.

Bundan tashqari, Google shaxsiy himoya vositalarini va kasallanganlar hayotni saqlab qolishga mo‘ljallangan tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam berish uchun moliyaviy yordam va mutaxassislarni taqdim etadi. Ushbu sa’y-harakatlar Google, Verily va X kompaniyalari xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Internet qidiruv giganti, shuningdek, 2-3 million niqob ishlab chiqarish va ularni Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish jamg‘armasiga taqdim qilish bo‘yicha Magid Glove & Safety bilan ish olib bormoqda.

O‘QING: Koronavirus haqida tarmoqlarda soxta axborot tarqatgan qashqadaryolikka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi