Koronavirus va Samsung: ikki hikoya

Koronavirus va Samsung: ikki hikoya

1-yangilik: Koronavirus sabab yopilgan Samsung zavodi bugundan ishga tushadi

Koronavirus butun dunyo bo‘ylab 2 mingdan ortiq insonning umriga zavol bo‘lish bilan birga texnologiya sanoatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Avvalroq, virus sabab Butunjahon mobil kongressi (MWC) bugun 24 fevralgacha kechiktirilgandi, ammo vaziyat o‘nglanmagach kongress butunlay bekor qilindi.

Ilgariroq, Xitoydagi smartfon zavodlari vaqtinchalik yopilgani haqida yozgan edik. Xuddi shunday koreyalik texnogigant Samsung ham bir necha kun oldin Koreyaning Gumi shahrida joylashgan o‘z zavodini yopishiga to‘g‘ri kelgan edi. Bunga sabab zavod ishchilaridan birida koronavirus aniqlanganidir.

Galaxy Fold va Galaxy Z Flip smartfonlari ishlab chiqariluvchi ushbu zavod bugundan ishga tushiladi, biroq kasallangan xodim ishlagan qavat ertagacha berk bo‘ladi.

Samsung'ning xabar berishicha, virusni yuqtirgan xodim bilan aloqada bo‘lgan boshqa ishchilar karantinga olingan va COVID-19 ga qarshi ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Gumi zavodining yopilgani Samsung'ning smartfon ishlab chiqarish hajmiga katta ta’sir o‘tkazmaydi, sababi bu yerda ishlab chiqariluvchi mahsulotlar miqdor jihatidan ko‘p emas.

O‘QING: 64 MPlik kvadrokamera va 6000 mA/soatlik batareyali Samsung «megamonstr»ining xotirasi ham katta! Lekin narxi...

 

2-yangilik: Vetnamda Samsung smartfonlarini ishlab chiqarishda muammolar paydo bo‘ldi

Mutaxassislar koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Samsung uchun foydali bo‘ladi, deb taxmin qilishgan edi, chunki kompaniya smartfonlarining yarmi, Xitoyda emas Vetnamdagi fabrikalarda yig‘iladi. 

Ammo ular virusli pnevmoniya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan muammolar ko‘lamini noto‘g‘ri baholab, xulosa chiqarishga shoshilgan ko‘rinadi.

Asosiy mavzuga keladigan bo‘lsak, Vetnamdagi yetkazib berish zanjirida paydo bo‘lgan muammolar Samsung qurilmalarini ishlab chiqarishning kechikishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunga asosiy sabab yana o‘sha koronavirusdir.

Vetnam sanoat va savdo vazirligi elektronika va telefon ishlab chiqaruvchilar virus tufayli tarkibiy qismlar va materiallarni qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelganini ma’lum qildi. Chunki yetkazib beruvchilarning aksariyati virus o‘chog‘i Xitoyda joylashgan.

Ikkita yangi Samsung smartfonining ishlab chiqarilishi xavf ostida qolgan bo‘lishi kutilmoqda, chunki ularni yig‘ish uchun ehtiyot qismlarning aksariyati Xitoy kompaniyalari tomonidan yetkazib berilar edi. O‘z navbatida, Samsung tarkibiy qismlarni havo va dengiz yo‘li orqali yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Ammo bu yakunda mahsulot narxining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kompaniya rejalariga kirmaydi va talabga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘QING: Apple investorlarni ogohlantirdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!