Koronavirusni bir daqiqadayoq aniqlovchi ilovani yuklab oling!

  •   DiMaX
  •  637
  •  20.05.2021 12:25

Koronavirusni bir daqiqadayoq aniqlovchi ilovani yuklab oling!

Biz avvalroq odamda koronavirus borligini yo‘tal ovozi bilan aniqlaydigan DeepCough3D dasturi haqida yozgan edik. Rossiyalik olimlar ham shunga o‘xshash – AI Resp nomli mobil ilova ishlab chiqishdi.

O‘QING: Bill Geytsning koronavirus pandemiyasiga qanday aloqasi bor? Bunga o‘zi javob berdi

«Sberbank sun’iy intellekt laboratoriyasi» hamda «SberMedII» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi ilova AI Resp deb ataladi. Mazkur dastur kishining nafas olish va yo‘tal tovushlarini tahlil qilib, unda COVID-19 uchun xarakterli bo‘lgan patternlar bor-yo‘qligini aytib beradi.

AI Resp ilovasi koronavirusga chalingan uch mingdan ortiq bemordan yozib olingan ovozlar yordamida kasallikni aniqlashga o‘rgatilgan sun’iy ong modeliga asoslangan. Hozirgi kunda uning tashxis qo‘yish aniqligi 82 foizga yetgan.

Foydalanuvchi o‘zida holsizlik alomatlari sezila boshlaganida, xastalik xavfi hududida bo‘lib kelganida yoki koronavirusga chalingan kishi bilan muloqotdan so‘ng AI Resp yordamida o‘zini tekshirib ko‘rishi mumkin.

O‘QING: Koronavirus tufayli O‘zbekistonda umuman kutilmagan ijtimoiy tarmoq 1-o‘ringa chiqdi! (+infografik video)

AI Resp ilovasini iPhone’larga mazkur havola, Android-smartfonlarga esa mana bu havola orqali yuklab olish mumkin. Uni qurilmaga o‘rnatib olgach, kasallik alomatlarini uch qadamda tekshirib ko‘rasiz:

  1. Smartfonni yuzingizdan 20−30 masofada tutib, taymer ishlab turganida bir necha marta yo‘taling.
  2. Smartfonni yuzingizdan 20−30 masofada tutib, taymer ishlab turganida bir necha marta qattiq nafas olib-chiqaring.
  3. Smartfonni yuzingizdan 20−30 masofada tutib, ovoz yozish tugmachasini bosing va taklif etilgan jumlani ovoz chiqarib o‘qing.

«Sber» ta’kidlashicha, Google Play hamda App Store ilova do‘konlari dasturlarning nomi, belgisi va tavsifida COVID-19 eslatilishiga cheklov qo‘ygan. Shu boisdan AI Resp interfeysida umuman respirato kasalliklari haqida gap ketadi, ammo u aynan koronavirus belgilarini aniqlashga o‘rgatilgan.

Shunga qaramay, bu dastur haqiqiy diagnostik test hisoblanmaydi va laboratoriya tadqiqotlari o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli, COVID-19 alomatlari sezilishi bilan shifokorga murojaat etish va tegishli testni topshirish tavsiya etiladi.

O‘QING: Besh yil avval koronavirusdan ogohlantirgan Bill Geyts yanada xavfliroq ofatni bashorat qildi