"Ko‘k kit" muallifiga tayinlangan jazo norozilikka sabab bo‘lmoqda

RIA Novosti axborot agentligining 18 iyulda Sankt-Peterburg shahar sudi matbuot xizmatiga asoslanib ma’lum qilishicha, "ko‘k kit" va boshqa nomlardagi "o‘lim guruhlari" asoschisi hamda boshqaruvchisi Filipp Budeykin (Filipp Lis) ishi bo‘yicha tergov hujjatlari Tyumen viloyatining Tobolskiy rayon sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.  

Sudda Budeykin o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilgan jinoyatidan afsusda ekanini aytgan.

Tergov natijalariga ko‘ra, 2016 yilning may-aprel oylaridan boshlab Budeykin Moskva hamda Podmoskoveda turib "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘ida o‘smirlarni o‘z joniga qasd qilishga undaydi.

Ularning orasida astraxanlik 15 yoshli maktab o‘quvchisi ham bo‘lgan. Bu qiz huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining sa’y-harakatlari bilan omon qolgan va Filippning shaxsini aniqlashga yordam bergan. Shuningdek, Lisning o‘ylab topgan topshiriqlari asosida Tyumen viloyatidan bo‘lgan yana bir maktab o‘quvchisi ham o‘z joniga qasd qilishga urinadi, biroq shifokorlar tomonidan uning hayoti saqlab qolinadi.

Filipp Budeykin o‘ylab topgan, topshiriqlardan iborat bo‘lgan "o‘yin" qisqa fursat ichida Rossiya hududida ommalashib, ko‘plab maktab o‘quvchilarining o‘limiga sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning boshida Rossiyada "o‘lim guruhlari" soni 16 mingtaga yetadi.

Filipp Lis 2016 yilning noyabrida Podmoskove hududida qo‘lga olingan va "o‘lim guruhlari"ning muallifi sifatida qamoqqa olingan.  

Hozirgacha unga 15 nafar o‘smirni o‘z joniga qasd qilishga undash ayblovi qo‘yilgan. Bu o‘smirlarning barchasi "ko‘k kit" bois hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, yana 5 nafar qurbonlarning o‘limi bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritilmagan.

Sud bu qilgan jinoiy harakatlari uchun Filipp Budeykinni 3 yil va 4 oyga axloq tuzatish koloniyasiga jo‘natish haqida hukm chiqardi.

Bu qaror rossiyaliklar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilarning fikricha, 15 ta o‘smirning hayotiga zomin bo‘lgan odamga bunday jazo berilishi adolatsizlik. Munosabatlar bilan batafsil bu yerda tanishib chiqing.