Kun yangiligi: Xiaomi'dan yangi «aqlli» krossovka

Kun yangiligi: Xiaomi'dan yangi «aqlli» krossovka

Xiaomi 2015 yildayoq «aqlli» krossovkalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshlagan edi. Intel'ning tanga hajmi bilan teng Curie moduli asosida ishlaydigan ushbu krossovkalar harakatni qayd qilib borish, yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilib, sarflangan kaloriyalar va umumiy bosib o‘tilgan masofani aniqlash imkoniga egaligi bilan so‘nggi uch yil ichida mashhurlikka erishib kelmoqda.

Mashhurlikning yana bir sababi - uncha ko‘p bo‘lmagan mablag‘ evaziga yuqori sifatli oyoq kiyimiga ega bo‘lishda hamdir.

O‘QING: Xiaomi "aqlli krossovka"ni $30 dollardan sotuvga chiqardi

Shu kunlarda Xiaomi'ning kraudfanding maydonchasi bo‘lmish Youpin'da Amazfit Antelope Running Shoes deb nomlanuvchi yangi model paydo bo‘ldi. Ushbu modelning narxi 199 yuan yoki aitigi $32 ga teng.

Amazfit Antelope Running Shoes Xiaomi'ning oldingi modellaridan yanada takomillashtirilgan harakat datchiklari bilan ajralib turadi. Datchiklar oyoq kiyimi yerga bosilishi bilan harakatlarni qayd qila boshlaydi. Mazkur krossovkaning tagligi mashhur avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqaruvchi Goodyear kompaniyasi tomonidan yaratilgan.

Krossovkaning patagi ostida harakatni so‘ndiruvchi materialdan tayyorlangan ikki plastinka joylangan. Targ‘ibot videosidan ko‘rinishicha, 10 metr yuqoridan krossovka ichiga tashlangan tuxum sinmaydi. Bu degani yerga zarb bilan bosilganda krossovka oyoqlarga tushadigan zarbani deyarli o‘tkazmaydi.

Krossovkaning yuqori qismi «nafas oluvchi» materialdan tayyorlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu material o‘ziga suv yuqtirmaydi va namdan qo‘rqmaydi.

Krossovka uchun mablag yig‘ish jarayoni, kraudfanding kampaniyasi 12 aprelda boshlangan bo‘lsa-da, shu kunga qadar $600,000 dan oshiq mablag‘ yig‘ilgan. Bu esa krossovkani ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘dan 41,5 marta ortiq degani.

Krossovkalar kraudfanding kampaniyasida ishtirok etganlarga $32 evaziga may oyidan boshlab yetkazib beriladi. Xuddi shu vaqtda uning internet-do‘konlarga chiqarilishi ham kutilmoqda, lekin oddiy xaridorlar uchun uning belgilangan narxi 229 yuan yoki $37 dollarni tashkil qiladi. Krossovkalarning ayollarga ham mo‘ljallangan talqini taqdim etiladi. Ayollar talqini 35-o‘lchamdan 40-o‘lchamgacha ishlab chiqarilib, qora, yashil va pushti ranglarda bo‘ladi. Erkaklar esa 39-o‘lchamdan 45-o‘lchamga qadar qora, kulrang va olovrang tusda bo‘lgan krossovkalardan birini tanlashlari mumkin.

Xiaomi Mi Band foydalanuvchilari uchun mazkur «aqlli» krossovkadan foydalanishda qiyinchilik tug‘ilmaydi. Krossovkaning tag qismiga qopqoq bilan yopilgan treker o‘rnatilgan. Ushbu treker IP67 standarti bo‘yicha namlik va changdan himoyalangan. Krossovka barcha kerakli ma’lumot va tahlillarni Bluetooth orqali smartfonga o‘rnatilgan MiFit ilovasi yoki Mi Band «aqlli» bilakuzugiga yetkazib turadi. Krossovka o‘ziga tushayotgan turli bosimlar va og‘irliklarni farqlay oladi, tahlillardan kelib chiqib, kerakli harakat usullari (masalan yurish, yugurish kabi)ni tavsiya qiladi.

O‘QING: Xiaomi rahbari qo‘lida Mi Band 3 bilan «qo‘lga tushdi»!

Xiaomi'ning oldingi krossovkalaridagi quvvat 60 kunga qadar yetishi aytilar edi. Mazkur yangi modelning quvvati qanchaga yetishi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!