Kutilganidek: Apple ortiqcha dabdabalarsiz o‘zining yangi planshetlarini taqdim qildi (2)

Kutilganidek: Apple ortiqcha dabdabalarsiz o‘zining yangi planshetlarini taqdim qildi (2)

M2 chipli iPad Pro bilan birgalikda Apple o'zining o'ninchi avlod iPad planshetini ham taqdim qildi. U sezilarli darajadagi dizayn o'zgarishlariga ega: planshet qirralari tekislangan, "Home" tugmasi esa olib tashlangan.

Yangi avlod iPad plansheti 2360x1640 rezolyutsidagi 10.9 dyuymli Liquid Retina displeyiga ega bo'lib, uning old kamerasi bu safar qurilmaning kengroq tomoni markaziga joylashtirilgan.

iPad Pro'da bo'lganidek yangi iPad'ning ham old kamerasi Center Stage xususiyatini qo'llab-quvvatlaydi va u 12 MP. Orqa kameraga o'tadigan bo'lsak, u ham 12MP va u 4K video olish xususiyatiga ega.

Kapot ostida qurilma M2 chipi bilan emas, balki iPhone 12'da ishlatilgan A14 Bionic chipiga ega. Kompaniyaning aytishicha, yangi iPad bozordagi eng ko'p sotilgan Android planshetdan 5 karra, uch yil avvalgi iPad 7'dan ko'ra 3 karra tezroq ishlaydi va u bir kunga yetadigan batareyaga ega.

Planshet Apple'ning Lightning porti bilan emas, balki USB-C bilan jihozlangan bo'lib, undan 3.5 millimetrli naushnik uyasi ham olib tashlangan. Yuqorida aytilganidek, planshetda endi "Home" bosh tugmasi ham yo'q. Kompaniya uning o'rniga Touch ID'ni planshetni yoqish tugmasiga integratsiyalashtirgan.

Shuningdek, qurilmada ikkilik mikrofon va stereo dinamiklar ham mavjud. Planshet birinchi avlod Apple Pencil va Magic Keyboard Folio bilan ishlay oladi. Simsiz ulanish borasida esa yangi planshet endi 5G'ni ham qo'llab-quvvatlaydi — Wi-Fi 6 bilan birgalikda. 

O'ninchi avlod iPad plansheti ko'k, pushti, kulrang va sariq ranglarda ikki xil: 64 va 256 GB xotira variantlarida 449 va 599 dollar narxda 26-oktabrdan sotuvga chiqariladi, lekin siz ularga hozirdanoq buyurtma berishingiz mumkin. 

O'QING: M2 chipli iPad Pro chiqarildi