KUTILMAGAN VIDEO: Samsung Galaxy S9+ o‘tgan yilgi xitoylik flagmanga mag‘lub bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  3104
  •  07.03.2018 03:11

KUTILMAGAN VIDEO: Samsung Galaxy S9+ o‘tgan yilgi xitoylik flagmanga mag‘lub bo‘ldi!

Shu kunlarda dunyodagi eng ilg‘or smartfonlardan biri, shubhasiz, Samsung Galaxy S9+ flagmanidir. U hozirgacha taqdim etilgan barcha modellar orasida eng ilg‘or texnik ta’minotga ega.

O‘QING: DxOMark’da yangi rekord: Galaxy S9+ kamerasi iPhone X va Pixel 2’ni «o‘tirg‘izib qo‘ydi»!

Samsung ushbu flagmanining savdosini joriy oyning o‘rtasida – 16 martda boshlaydi. Lekin ungacha ham mazkur qurilmani sinab ko‘rishlari, Galaxy S9+ haqida fikrlarini bildirishlari uchun kompaniya bir nechta jurnalistga shu modeldan taqdim etgan. Lekin, afsuski, bitta muhim sinov natijasi janubiy koreyalik texnogigant taxmin qilganidan boshqacharoq chiqdi. Gap shundaki, koreyaliklarning yangi flagmani tezkorlik bo‘yicha o‘tkazilgan testda OnePlus 5T smartfoniga yengildi!

Buni qarangki, Samsung ushbu flagmaniga o‘z ishlanmasi bo‘lgan eng yangi, ilg‘or Exynos 9810 protsessorini o‘rnatgan, OnePlus 5T esa undan birmuncha zaif – o‘tgan yilgi Snapdragon 835 chipi bazasida ishlaydi. Galaxy S9+ modelining tezkor xotirasi hajmi 6 gigabayt bo‘lsa, xitoylik brendning flagmani 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega.

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: OnePlus 5T hatto iPhone X va Samsung Galaxy S8’dan ham zo‘r chiqdi!

YouTube foydalanuvchilaridan biri ushbu ikki gadjetni real ishlash tezligi bo‘yicha taqqoslab ko‘rdi va buning videosini internetga joyladi. Keling, shuni birgalikda tomosha qilamiz:

O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, OnePlus 5T hamda Samsung Galaxy S9+ smartfonlari ustida o‘tkazilgan bir nechta sinovlarda turli ilovalarning ishga tushirish tezligi taqqoslangan. Aytish kerakki, g‘olibni aniqlash oson kechmadi – ayrim o‘rinlarda janubiy koreyaliklarning, ba’zi hollarda esa xitoyliklarning  flagmani tezkorlik namoyon etgan. Lekin umumiy hisobda OnePlus 5T modelining qo‘li baland kelgan va bunga ikkita sabab bor.

Avvalo, tezkor xotirasining hajmi katta bo‘lganligi evaziga OnePlus 5T bir vaqtning o‘zida raqibidagidan ko‘ra ko‘proq ilovalarning ishlab turishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa kundalik foydalanishda muhim talablardan biri hisoblanadi. Qolaversa, xitoylik brendning ushbu flagmaniga Samsung Galaxy S9+ modeliga nisbatan ancha past narx belgilangan. Shularni inobatga olsak, tezkorlik bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu bellashuvda OnePlus 5T so‘zsiz g‘olib bo‘ldi!

O‘QING: OnePlus 5T: kuchli Android-flagman ikki barobar arzon!