Kutilmaganda mobil Chrome’da juda qulay bir funksiya paydo bo‘ldi!

  •   DiMaX
  •  961
  •  12.03.2021 13:47

Kutilmaganda mobil Chrome’da juda qulay bir funksiya paydo bo‘ldi!

Google smartfon va planshetlarga mo‘ljallangan Chrome brauzerini 89-versiyaga yangiladi. Ushbu ilovadagi foydalanuvchilarga taqdim etilgan bir qulaylikni kompaniya negadir alohida e’lon qilmagan.

O‘QING: Arzon smartfonlar egalariga Google’dan xushxabar bor (+video)

Chrome mobil ilovasi endi siz ko‘rayotgan saytni tark etmasdan turib, unda havolasi berilgan boshqa bir sahifani oldindan ko‘rish imkonini beradi. Havola orqali o‘sha sahifa kontentini prevyu holida ko‘rib, unga o‘tish yoki hozirgi sahifada qolishni o‘zingiz hal etasiz.

Bu funksiyadan foydalanish uchun havolaning ustiga biroz muddat bosib turasiz, shunda bir nechta opsiyali menyu qalqib chiqadi. Ular qatorida yangi – «Prosmotret stranitsu» (yoki inglizchada – «Preview») bandi ham bor. O‘shani tanlasangiz, havola orqali o‘tiladigan sahifa prevyu (predprosmotr) shaklida ochiladi. Uning yuqori o‘ng burchagidagi – kvadrat ichidagi strelka belgichasini bossangiz, o‘sha sahifa to‘laqonli varaqa (vkladka) tarzida to‘liq ekranda ochiladi. Yonidagi krestcha belgisini bosish yoki prevyu oynachasini pastga silash bilan uni yopish mumkin.

Oldindan ko‘rish rejimida ochilgan bo‘lsa-da, o‘sha sahifani ham yuqoriga va pastga varaqlash mumkin. Ya’ni, mohiyatiga ko‘ra u vaqtincha ochilgan varaqa holidadir.

Chrome mobil versiyasida avvalroq varaqalarni guruhlash funksiyasi ham joriy etilgan edi – unda guruhga birlashtirilgan varaqalarning barini birdaniga yopish mumkin. Shu va boshqa yangi funksiyalar dunyoda eng keng tarqalgan brauzerning qulayligini tobora oshirib bormoqda.

O‘QING: Google Chrome’ning yashirin imkoniyatlarini birinchilar qatorida sinab ko‘rish osonlashdi!