Kutilmaganda Telegram'dan blokirovka olib tashlandi

Kutilmaganda Telegram'dan blokirovka olib tashlandi

So‘nggi yillarda Telegram messenjeri juda ko‘plab to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Jahonning uchinchi raqamli eng yirik muloqot ilovasi bo‘lgan Telegram hukumatlarga foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishni inkor qiladi. Shu bois ham ham ishlab chiqaruvchiga kuchli bosim va tazyiqlar o‘tkaziladi.

Bir necha yillar avval rossiyalik bo‘lgan Pavel Durov tomonidan ishlab chiqarilgan ilova bugungi kunda Rossiya hukumatining qahriga duchor bo‘lgan. U mamlakat hududida bosqichma-bosqich bloklanmoqda. Biroq, messenjer bungacha ham nafaqat kompaniya, balki smartfon ishlab chiqaruvchilari tomonidan ham bloklangan edi.

Telegram messenjeri foydalanuvchilarga ham, dasturchilarga ham o‘ziga xos imkoniyatlarni taqdim qiladi va shuning uchun ham jahonda uning boshqa muqobili yo‘q. 2018 yilning aprelida mazkur messenjerga Apple tomonidan qo‘yilgan blokirovka oqibatida dastur ishlab chiqaruvchilar uning iPhone hamda iPad qurilmalariga mo‘ljallangan talqinlarini tatbiq qila olmayotgan edilar. Ilova shu vaqt mobaynida yuqoridagi gvdjetlar uchun mavjud bo‘lsa ham, foydalanuvchi uni yangilash imkoniga ega emas edi.

Bir muddat avval xabar qilinishicha, mazkur xizmat Roskomnadzor tomonidan bildirilgan e’tirozdan so‘ng to‘xtatib qo‘yilgan.

Bugun -- 2018 yilning 2 iyunida Telegram messenjeri kutilmaganda mazkur blokirovkadan xalos bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchilar jamoasi esa Apple korporatsiyasining bunday ijobiy qaroridan hayratga tushishdi. Boisi bir necha oy avval Pavel Durov ijtimoiy tarmoqlarda Apple korporatsiyasiga qarshi achchiq haqiqatlarni aytgan, o‘tayotgan haftada ham bu amerikalik korporatsiyaning Rossiya hukumatiga sotilganlikda ayblagan edi.

Taqiqlarning olib tashlanishi bilan ishlab chiqaruvchilar messenjerning iOS operatsion tizimiga mo‘ljallangan dasturlarini e’lon qilishdi. Natijada, iPhone hamda iPad qurilmalari foydalanuvchilari ham messenjerning ilg‘or funksiyalaridan foydalanishlari mumkin bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, Swift dasturlash tilida yozilgan Telegram X talqini ham tez orada App Store do‘konida yana sotila boshlaydi. Pavel Durov Apple kompaniyasi hamda Tim Kukka jamoatchilik uchun messenjerni yangilash imkonini yaratib berganliklari uchun rasman minnatdorchilik bildirdi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!