Lazizbekning hikoyasi: Qanday qilib 19 yoshda oyiga $1000 dan ko‘p daromad topish mumkin?

  •   DiMaX
  •  1943
  •  29.01.2021 13:51

Lazizbekning hikoyasi: Qanday qilib 19 yoshda oyiga $1000 dan ko‘p daromad topish mumkin?

Qahramonimizning ismi Lazizbek Ergashev, u atigi 19 yoshda va uni IT sohasidagi ancha tajribali frilanser deb atash mumkin. Lazizbek — buxorolik. Aytgancha, u hozirgi kunda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ikkinchi bosqichida o‘qishi barobarida uch yildan beri veb-dasturlash sohasi bo‘yicha «frilanserlik» qilib kelmoqda, deyildi it-park.uz xabarida.

O‘QING: Oyligi 30 mln so‘mdan oshiq veb-dizayner: «IT'ni rivojlantirolsak, AES ham kerak bo‘lmay qoladi» (+video)

Tarixga nazar

«Hammasi yoshligimdan boshlandi. U paytlarda men juda ko‘p kompyuter o‘yinlarini o‘ynardim va kuni bo‘yi kompyuter oldida o‘tirardim. Menga Warcraft III, Call of Duty va shu kabi o‘yinlarni o‘ynash juda yoqardi. To‘g‘risini aytsam, kompyuter o‘ynalarini o‘ynash orqali vaqtimni behuda o‘tkazardim, lekin ular menga o‘z o‘rnida kompyuterni yaxshiroq tushunishga yordam berdi desam ham bo‘ladi. Sababi o‘ynash jarayonida siz tarmoq o‘yinlarining funksiyalarini, ularning qanday ishlashi va shu kabi qiziqarli narsalarni tushunishni boshlaysiz. Keyinchalik o‘zimga «bu o‘yinlar qanday yaratiladi» degan savolni berishni boshladim», – deydi Lazizbek.

Shu vaqtdan boshlab Lazizbek internetda «serfing» qilishni va forumlarni o‘qishni boshladi. Lazizbek o‘z o‘yinlarini yaratishni ham boshlagan edi, lekin ularni rivojlantirish uchun ovozli prodyuserlar, grafik dizaynerlari va shu kabi boshqa mutaxassislardan shakllangan katta guruh kerakligini tushunib yetgach, shaxtidan qaytdi.

Biroq oxir-oqibat qahramonimiz veb-dasturlashga qiziqib qoldi. Bu esa uning HTML va CSSni o‘rganishiga turtki bo‘ldi. O‘sha paytlarda u 6-7 sinflarda tahsil olayotgan edi.

«Menga dasturlashni chuqurroq tushunishimga ko‘maklashgan akamga hamda kompyuter sotib olib bergan va uyga internet o‘rnatib, barcha kerakli shart-sharoitlarni yaratib bergan onajonimga minnatdorligimni birdiraman. 2014 yilda hamma oilada ham Wi-Fi mavjud emas edi», –ta’kidlaydi Lazizbek.

Lazizbekning aytishicha, yaxshi ishlaydigan internet va ingliz tilini bilish frilans va dasturlashda katta ahamiyat kasb etadi. Sababi, ma’lumotlarning aksariyati internetdan topiladi va ular ko‘pincha ingliz tilida bo‘ladi.

«Keyinchalik men Fronend bilan ishlash uchun Javascriptni, Backend uchun PHP va ma’lumot bazalari uchun MySQLni o‘rgandim. 8-sinfda o‘qib yurgan paytimda, bolalar uchun eng yaxshi veb-saytni yaratish bo‘yicha respublika chempionatida qatnashdim va u yerda uchinchi o‘rinni egalladim», — eslaydi u.

Frilanslikka qiziqishning paydo bo‘lishi

Lazizbek frilans bilan shug‘ullanishni 16 yoshidan boshlagan. Sababi, u katta talabga ega mutaxassis bo‘lishni va tajriba orttirishni xohlardi. Qolaversa, o‘sha paytda u juda yosh edi va mahalliy kompaniyalarda ishlay olmasligi sababli frilanser bo‘lishga qiziqadi.

Birinchi buyurtma

«Men birinchi buyurtmani weblancer.net saytida ishni boshlaganimdan so‘ng bir hafta o‘tib oldim. Birinchi mijozim Latviya unversiteti talabasi edi va menga ishni bajarish uchun juda kam muhlat berdi. O‘sha paytda men uning universitetiga tegishli bo‘lgan savollarga javob bera oladigan AI chatbot yaratishim kerak edi. Eng qizig‘i, buyurtmani olgan vaqtimda men AI va chatbot haqida hech nima bilmas edim. Juda hayajonlandim, sababi agar o‘sha topshiriqni bajara olmaganimda, frilanserlik faoliyatimni to‘xtatar edim. Ammo biroz izlanishlardan so‘ng internetdan osongina chatbot yaratish va uni platformaga biriktirish mumkin bo‘lgan «Google Dialogflow» nomli bepul servisni topdim. Keyinchalik ushbu chatbotni birlashtirish mumkin bo‘lgan sayt yaratdim. Ushbu 4 kun davomida ishlagan loyiham uchun $350 miqdorida pul ishladim. U vaqtda bu men uchun juda katta miqdordagi pul edi. Loyiha frilans birinchi qarashda tuyulgandek qo‘rqinchli emasligini tushunib yetishimga yordam berdi. Agar men buni 1 marta qila olgan bo‘lsam, ikkinchi marta ham qilishim mumkinligini tushundim», — deydi Lazizbek.

Sen endi qidirmaysan, seni o‘zlari topishadi

«Nimaga ekanligini bilmadim, lekin men hech qachon mahalliy mijozlar bilan ishlamagan ekanman. Men uchun Yevropa yoki Osiyodagi boshqa mamlakatlardan mijoz topish ancha oson edi. Boshida reytingim past bo‘lganligi sababli mijozlarni topishda qiynalardim. Men bu sohada yangi bo‘lganim sababli, ko‘pchilik menga loyihalarini ishonishmasdi. Ammo reytingim o‘sishni boshlashi bilan buyurtma olishim osonlashdi. Natijada, reytingim yuqori bo‘lganda, mijozlarga yozishning hojati ham qolmadi, sababi ular meni o‘zlari topishardi. Birdaniga 3-4 ta taklif kelib tushgan vaqtlar ham bo‘ldi», — ta’kidlaydi yosh dasturchi.

Birinchi xorijiy shartnoma

«18 yoshimda menga Germaniyadagi bir kompaniyadan katta taklif kelib tushdi. Ular men bilan bog‘lanishdi hamda masofadan turib ishlashga taklif qilishdi. Natijada, men ular bilan bir necha yilga katta shartnoma imzoladim va hozirgi kungacha ular bilan ishlab kelmoqdaman. 18 yoshimda mening frilanser sifatidagi oylik daromadim 1000 yevrodan ortiq mablag‘ni tashkil etardi», — dedi qahramonimiz.

Frilans Lazizbek uchun asosiy daromad manbai hisoblanadi.

U universitetdan bo‘sh vaqtlarida ishlaydi. Shuningdek, akasi Adizbek bilan birgalikda vaqt topib, dasturlashni o‘rgatadigan sayt ishlab chiqdi. Sayt robocontest.uz deb nomlanadi va hozirgi kunda uning 1 000 dan ortiq faol foydalanuvchilari mavjud. U yerda ular muammolarni yechishi, boshqa dasturchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etishi hamda boshqa ko‘p narsalarni o‘rganishlari mumkin.

IT sohasida frilanser bo‘lish uchun qancha vaqt kerak?

Lazizbekning aytishicha, ba’zi dasturlash tillarini o‘rganish orqali mahsulotni bir hafta ichida yaratish mumkin. Ammo odamlarga yoqadigan aniq bir arziydigan narsalarni yaratish uchun ko‘p yillik tajriba talab etiladi. Lazizbek, boshqa sohalar singari dasturlashda ham hech qachon hamma narsani oxirigacha o‘rgana olmaysiz, deb hisoblaydi. Siz yangi narsalarni o‘rganganingizdan so‘ng ham hali o‘rganmagan ko‘plab yangiliklar borligini tushuna boshlaysiz.

«Dasturchilar — umr bo‘yi yangi narsalarni o‘rganib boradi. Sababi ular har kuni yangi texnologiyalar, o‘zgarishlarga duch kelishadi. Bozorda katta talabga ega dasturchi bo‘lish uchun barcha yangilanishlar va «fishka»lardan xabardor bo‘lishingiz kerak. Balki hammasini emas, hech bo‘lmaganda ishingizda sizga kerak bo‘ladigan narsalarni o‘rganishingiz shart», — deya qo‘shimcha qildi Lazizbek.

Yosh dasturchi bo‘lishni istaganlar uchun

Lazizbekning so‘zlariga ko‘ra, yosh dasturchisi bo‘lish uchun kamida dasturlash tillari bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lish kerak. Ularni o‘rganishga taxminan 4-8 oy ketadi.

«Ammo bu raqamlar xolos, aslida hamma narsa odamning o‘ziga bog‘liq. Frilanser bo‘lish uchun, ehtimol ko‘proq vaqt talab etilar, chunki frilans nafaqat professional IT ko‘nikmalarini, balki marketing ko‘nikmalarini ham o‘z ichiga oladi, sababi yaxshi ish topish uchun siz o‘z xizmatlaringizni sotishni ham bilishingiz kerak, aks holda qiyin bo‘ladi, – qo‘shimcha qiladi u.

Lazizbekning bo‘lajak frilanserlarga beradigan 4 ta maslahati:

  1. Ingliz tilini o‘rgan va uni onang singari hurmat qil.

Frilansda talab qilinadigan professional ko‘nikmalardan tashqari, ingliz tilini bilishingiz shart.

  1. Sabr-toqatli bo‘l, soatlab koddagi xatolarni izlashga tayyor tur.

Dastlab dasturlash zerikarli bo‘lib tuyulishi mumkin, chunki kodda xatolarni qidirib, soatlab kompyuterda o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Dasturlash introvertlarga ko‘proq mos keladi, ammo agar siz juda ko‘p gapiradigan odam bo‘lsangiz, unda soatlab hech kim bilan gaplashmaslikka tayyor bo‘ling, ayniqsa masofadan turib ishlaganda.

  1. Hozir boshla, keyinga qoldirma.

Boshlash uchun hozirdan yaxshi vaqt yo‘q. Loyihalar ustida ushlash orqali, o‘sib borasiz.

  1. Mijozingizni umidlantirib qo‘ymang. Agar qila olmasangiz, qila olmasligingizni ayting.

Agar siz buyurtma olgan bo‘lgandan so‘ng va uni bajara olmasligingizni tushunsangiz, darhol mijozga qo‘lingizdan kelmasligini ayting. Mijoz xafa bo‘lmaydi, aksincha vaqtini behuda o‘tkazmagani uchun xursand bo‘ladi. Siz ham bundan hech narsani yo‘qotmaysiz.

Lazizbekdan dasturlash va frilansni o‘rganishga mo‘ljallangan platformalar to‘plami:

http://medium.com;

http://dev.to;

http://habr.com;

http://freecode.org;

http://robocontest.uz;

http://freelancehunt.com;

freelance.ru;

weblancer.net;

http://upwork.com;

http://toptal.com;

http://freelancer.com.

Ayni paytda Lazizbek frilanser sifatida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Yaqinda Lazizbek ustaxonadagi boshqa hamkasblari qatori Buxoro shahridagi IT Park filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuv uni yanada ko‘proq ishlashga va kelgan joyida to‘xtab qolmaslikka ilhomlantirdi.

O‘QING: Geymer lavozimida ish bor – maoshi yiliga 41 ming dollar!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!