Xiaomi bilan hamkorlik qilayotgan taniqli kamera kompaniyasi o'zining yangi smartfonini chiqardi

Xiaomi bilan hamkorlik qilayotgan taniqli kamera kompaniyasi o'zining yangi smartfonini chiqardi

Ehtimol, siz Leica brendini Xiaomi va Huawei kabi smartfon ishlab chiqaruvchilari bilan qilgan hamkorliklari orqali taniysiz. Germaniyaning ushbu taniqli kamera kompaniyasi, o'tgan yili o'zining ilk smartfoni – Leitz Phone 1'ni chiqargan edi. Bu yili esa Leica uning davomchisi – Leitz Phone 2 smartfonini taqdim qildi.

Foto: Leica

Smartfonning o'ziga xos xususiyati shundaki, u Xiaomi 12S Ultra'ni eslatib yuboradigan yumaloq dizaynli orqa kameraga ega va uni magnitli linza qopqog'i bilan berkitib qo'yish mumkin. Kameraga to'xtaladigan bo'lsak, Leica o'z smartfonini yuqori aniqlikdagi Type 1 (1 dyuym) sensori bilan ta'minlagan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, bu smartfonlarga o'rnatilgan eng katta kamera sensori hisoblanadi. 47.2 megapikselli ushbu kamera f/1,9 diafragma bilan 19 mm fokus uzunligini taklif qila oladi va u bilan 8K formatda video olish mumkin. Shuningdek, unga 1.9 dyuymli portret sensori ham hamrohlik qiladi. Old kamera esa 12.6 megapiksel.

Foto: Leica

Smartfon dizayni ham o'ziga xos: to'rtburchak qirralar va ekranining qora ramkasidan tashqari yana sezilarli darajada qalinlikdagi ramka. Smartfon faqat oq rangda chiqariladi. Uning orqa markazida Leica logotipi tushirilgan.

Foto: Leica

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, kamerafon 2730 x 1260 piksel o'lchamidagi 6.6 dyuymli, 240 gerts yangilanish tezligiga ega OLED displey o'rnatilgan. Kapot ostida esa qurilma Snapdragon 8 Gen 1 bilan jihozlangan bo'lib, u 12GB operativ va 512GB (1TB microSD qo'shish mumkin) doimiy xotiraga ega. Uning 5,000 mA/s sig'imli batareyasini 100 daqiqada 0 dan 100% gacha USB-C port orqali quvvatlash mumkin. 77×161×9.3 mm o'lcham va 211 g og'irlikdagi smartfon Android 12'da ishlaydi.

Leica'ning Leitz Phone 2 smartfoni faqat Yaponiya uchun eksklyuziv bo'lib, u 18-noyabrdan 225,360 yen (1600 dollar atrofida) narxda sotuvga chiqariladi.

O'QING: Xiaomi haqiqiy kamerafon chiqardi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.