Lenovo – jahonning “№1” raqamli kompyuter ishlab chiqaruvchisi

Lenovo – jahonning “№1” raqamli kompyuter ishlab chiqaruvchisi

IDC kompaniyasi 2016 yil jahon kompyuter bozoridagi holat bo‘yicha har yilgi tahlilni e’lon qildi. IDC tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Lenovo kompaniyasi kompyuter ishlab chiqaruvchilari orasida peshqadamlaik qilgan.

Lenovo 2013 yildan boshlab jahon kompyuter bozoriga desktop, noutbuk yetkazib berishda yaqqol yetakchilik qiladi. So‘nggi 12 yildan buyon Lenovo personal kompyuterlar bozorining kuchli beshligidan o‘rin egallab keladi.

2003 yilda jahon kompyuter bozori yetakchilaridan biriga aylangan Lenovo kompaniyasi 2013 yilga kelib dunyo bo‘yicha sotilgan shaxsiy kompyuterlarning 16,9%ini ishlab chiqargan bo‘lsa, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 19,2%ga, 2015 yilda 20,7%ga, 2016 yil yakunlariga ko‘ra esa 21,3%ga yetgan.

Lenovo’ning muvaffaqiyatli odimlari Osiyo va Tinch okeani mamlakatlarida, Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Amerika davlatlarida tobora oshib, 2016 yilda kompaniya 55,5 mln. dona kompyuter qurilmasi yetkazib bergan. Jahon miqyosida esa 2016 yilda barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan 260 mln. dona qurilma sotilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 5,7%ga kam degani.

Lenovo ayni paytda o‘yinlar o‘ynashga mo‘ljallangan kompyuter qurilmalarini ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratgan.

Xitoyning Lenovo Group Limited kompyuter kompaniyasiga 1984 yilda Liu Chuanji tomonidan asos solingan. 60 mingga yaqin xodim ishlaydigan kompaniyaning 60 dan oshiq mamlakatda bo‘linmalari mavjud. Kompaniya 160 mamlakatdagi xaridorlarga mahsulot yetkazib beradi.

Lenovo stol kompyuterlari, mobil telefon, netbuk, noutbuk, planshet, server, monitor, videoproyektor, videokarta, klaviatura va butlovchilar va boshqa turdagi aksessuarlar, dasturlar ishlab chiqaradi.

«Lenovo» so‘zi «Le-» (kompaniyaning ilk nomidan, ya’ni Legend’dan olingan) va lotincha “novo” «yangi» degan so‘zlar qorishmasidan hosil bo‘lgan. Uning xitoycha nomi “lyansyan” bo‘lib, “yaratuvchanlik” degan ma’noni bildiradi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.