Lenovo Legion Duel namoyish qilindi: eng kuchli, eng original, eng o‘yinbop smartfon atigi 500 dollardan!

  •   DiMaX
  •  1978
  •  23.07.2020 13:29

Lenovo Legion Duel namoyish qilindi: eng kuchli, eng original, eng o‘yinbop smartfon atigi 500 dollardan!

Boyagina biz Samsung kompaniyasi Galaxy Z Flip 5G buklamafonini taqdim etgani haqida yozgandik. Aslida 22 iyulda Snapdragon 865+ chipli ilk flagmanlar namoyish qilishini boshqa ikkita smartfonsoz e’lon qilgan edi.

O‘QING: «Qirol o‘ldi. Yashasin qirol!» – jahon rekordchisini AnTuTu’da tor-mor etishdi!

Shunday qilib, kecha Lenovo kompaniyasi shu paytgacha xabarlarda Lenovo Legion deb atalib kelayotgan geymerofonini Lenovo Legion Duel nomi ostida taqdim qildi.

Barcha «ko‘zlari belida» joylashgan yagona smartfon!

Lenovo Legion Duel kameralari umuman original tarzda – korpusning o‘rtasida joylashgan. Ushbu modelda old kamera ilk bor smartfonning yuqori emas, balki yon tomonidan chiquvchi mexanizmga o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchi bu smartfonini teymerlarga atab chiqargan, shunga mos tarzda uning gorizontal ushlashga qulay qilinganini tushunsa bo‘ladi.

Shunday qilib, korpusning «biqinidan» chiquvchi mexanizmga 20 megapiksellik selfi-kamera, uning yoniga esa to‘rtta mikrofon joylangan. Lenovo ta’kidlashicha, korpusdan chiquvchi kamera yarim soniyada ishga tayyor bo‘ladi va uning blogi 400 000 marta chiqib-kirishga yaraydi.

Legion Duel’ning nafaqat old, balki korpus orqasidagi asosiy kamerasi ham o‘rtasiga yaqin yerga o‘rnatilgan – geymer ikki qo‘llab smartfonni ushlaganida, ularni yopib qo‘ymaydi. Bosh kamera qo‘shaloq: 64 megapiksellik asosiy datchigi F/2,89 diafragmali ob’yektiv bilan birikkan; 16 MPlik ikkinchi modulga esa 120 darajadagi keng burchakli ob’yektiv mahkamlangan.

«Ichki dunyosi» ham boy

Lenovo Legion Duel diagonaliga 6,65 dyuymlik, tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatli AMOLED-displey bilan ta’minlangan. Uning tasvir aniqligi Full HD+ formatida bo‘lib, displeyda kadr yangilanish chastotasi eng yuqori – 144 gersga teng.

Korpusning yuqori va pastki qismlarida kuchli stereodinamiklar joylashgan va ular Dirac Audio texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Legion Duel yon qirralarida o‘yinda qo‘llanuvchi ultratovushni tepkichalar joylashgan, daktiloskop esa ekranga integratsiya qilingan.

O‘QING: Samsung smartfonining daktiloskopini ikki karra tezlashtiramiz!

Lenovo bu geymerofonining nafaqat Snapdragon 865+ protsessori va Adreno 650 grafik tezlatgichi, balki ikkita vibromotori va ikkita sovitish naychasi bilan ham maqtansa arziydi. Legion Duel yana ikkita akkumulyatorga ham ega – har biri 2500 mA/soatlik bo‘lgan bu batareyalar, qizib ketishning oldini olish uchun korpus ichida ikki tomonga joylangan.

Smartfonda yana zamonaviy USB-C portidan ham ikkitasi bor: bir vaqtning o‘zida unga quvvatlagich (bitta akkumulyator uchun) va geympad ulash, yo bo‘lmasa har ikkala batareyasini bir vaqtda zaryadlash mumkin. Har ikkala porti orqali quvvatlash holatida tezkor quvvatlash kuchi 90 vattga yetadi: smartfonning 50 foizga zaryadlanishiga atigi 10 daqiqa, to‘liq quvvat olishiga esa bor-yo‘g‘i yarim soat kifoya qiladi!

O‘QING: Smartfonni atigi 15 daqiqada to‘liq quvvatlovchi FlashCharge texnologiyasini «jonli» videoda ko‘ramiz!

Legion Duel modelining afzalliklaridan yana 5G tarmog‘ini qo‘llashi, 12 yoki 16 GB hajmli LPDDR5 toifali tezkor xotira, 256 yoki 512 GBlik UFS 3.1 turidagi doimiy xotira chiplari, shuningdek NFC modulini sanab o‘tish mumkin.

Qachon, qayerda, qanchadan?

Lenovo mazkur smartfonning Xitoydagi savdosini 5 avgustda boshlaydi. Keyinroq uni Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlar bozorlariga ham chiqaradi, lekin AQShda rasman sotishni rejalashtirmayapti.

Narxiga kelsak, Lenovo Legion Duel tezkor/doimiy xotirasi hajmiga ko‘ra ikki xil konfiguratsiyada chiqqan va narxiyam shunga yarasha. Uning 8/128 gigbaytlik variantining narxi 500 dollardan boshlanadi. Yanada tezkor va «bag‘rikeng» konfiguratsiyali – 16/512 gigabaytlik varianti uchun esa kamida 860 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, mazkur geymerofonning asosiy raqibi – Asus kompaniyasining ROG Phone 3 modeli ham kecha namoyish qilingan, u haqida alohida xabar beramiz, bizni kuzatishda davom eting.

Galaxy Z Flip 5G buklamafoni esa, umuman o‘zga narx toifasiga mansub va boshqacha form-faktorga ega ekanini hisobga olsak, bularga raqobatchi emas.

O‘QING: Redmi flagmani hatto iPhone 11 Pro Max, Galaxy S20+ va OnePlus 8 Pro’larni mahv etib, kuchli o‘ntalikka kirdi! (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!