LG G5’ning sotuvga chiqarilish kuni va narxi ma’lum bo‘ldi

LG G5’ning sotuvga chiqarilish kuni va narxi ma’lum bo‘ldi

Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi tomonidan fevral oyida taqdim qilingan, 2560 x 1440 belgi sig‘imiga ega 5,3 dyuymli,  Qualcomm Snapdragon 820 protsessorida ishlaydigan LG G5 smartfoni 31 martdan boshlab sotuvga chiqariladi. Bu haqida kompaniya 18 mart kuni e’lon qilgan edi.

Qo‘shimcha modul va aksessuarlar bilan birga ishlatish mumkin bo‘lgan LG G5 uchun oldindan buyurtma berish jarayoni boshlab yuborilgan.

Qurilmaning erkin sotuvdagi narxi 600 AQSh dollari va uni biror yetkazib beruvchi kompaniyadan bir yil mobaynida to‘lash sharti bilan olish o‘rtacha 800 AQSh dollariga tushadi. Bu esa uning bahosi Samsung Galaxy S7 edge bilan bir xil va Samsung Galaxy S7 smartfonidan  $100 dollar qimmat ekanini anglatadi.

Qurilmaning ilk xaridorlariga qo‘shimcha akkumulyator, quvvatlash qurilmasi, shuningdek quvvatlash kabeli o‘rnida ham ishlatish mumkin bo‘lgan USB-S turidagi ma’lumot almashish porti taqdim etiladi.

Shuningdek, LG G5 smartfoni bilan birga namoyish qilingan uning “do‘stlari”, ya’ni LG Friends turkumining qo‘shimcha gadjetlarning ham narxlari ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, quvvat manbaini 4000 mAs hajmgacha oshiradigan, yorqin suratlar olishga xizmat qiladigan LG Cam Plus qo‘shimcha kamerasining narxi 85 AQSh dollari etib belgilangan. Ba’zi bir mamlakatlarda esa smartfonning ilk xaridorlariga mazkur kamera bepul taqdim etiladi.

Musiqa ishqibozlariga yuqori sifatli audiofayllarni taqdim qiladigan, B&O Play kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan LG Hi-Fi Plus qo‘shimcha modulini sotib olish uchun $160 dollar, yon-atrofni to‘liq tasvirga oladigan LG 360 Cam kamerasi uchun yana $200 AQSh dollari to‘lash kerak bo‘ladi.