LG Watch W7 – bitta quvvat bilan 100 kungacha ishlovchi gibrid smart-soat!

  •   DiMaX
  •  955
  •  06.10.2018 12:31

LG Watch W7 – bitta quvvat bilan 100 kungacha ishlovchi gibrid smart-soat!

«Aqlli» soatlarning deyarli barchasiga xos bo‘lgan bittagina kamchilik bor – ularning avtonomligi, ya’ni quvvatlashsiz ishlay olish davomiyligi uncha yuqori emas. Ammo bu muammoni hal etish uchun kompaniyalar gibrid smart-soatlarni ham ishlab chiqishga o‘tishgan.

O‘QING: Ilk suratlari bilan tanishing: Huawei Watch GT aqlli soati va Huawei Band 3e brasleti

Kuni kecha taqdim etilgan LG Watch W7 ham shunday gibrid soatlardan biri bo‘lib, an’anaviy smartvotchlardan farqli ravishda, unda moddiy soat millari ham bor. Lekin eng qizig‘i – kompaniya bunda analogli soat siferblatini «aqlli» soat ekrani ustiga mos keltirib o‘rnatganidir. To‘laqonli Wear OS elementlari 1,2 dyuymlik displeyda aks etib turadi, uning ustida esa mexanik soatlardagidek millar aylanadi. Smart-soat rejimiga o‘tish uchun korpusning yonidagi tugmacha bosiladi – shunda moddiy millar 3 va 9 raqamlari ustiga borib, displeydagi kontentni bemalol ko‘rishga imkon beradi.

LG Watch W7 gadjetining asosiy o‘ziga xosligi – ishlab chiqaruvchi uning avtonomligini aql bovar qilmas darajada oshirgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vaqtni ifodalash rejimida uning quvvati naq 100 kungacha yetadi. Smart-soat rejimida esa batareyaning quvvati ikki kun ishlashga kifoya qiladi.

Shunisi ham borki, smart-soatning avtonomligini oshirish uchun LG unda ayrim funksiyalardan voz kechishiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, LG Watch W7 pulsometr, qadam sanagich hamda NFC-moduldan mosuvo qilingan. Biroq unda sayohatlarda juda asqotadigan barometr (atmosfera bosimini o‘lchagich) hamda altimetr (balandlik o‘lchagich) funksiyalari mavjud.

O‘QING: Samsung Galaxy Watch: «aqlli» soatlarning uchinchi avlodi, bir quvvat olsa 80 soat ishlaydi

LG Watch W7 apparat qismi asosini Qualcomm mahsuloti bo‘lmish Snapdragon 2100 chipseti tashkil etadi. Uning tezkor xotirasi 768 megabaytga, doimiy xotirasi esa 4 gigabaytga teng. Devaysning akkumulyatori tok sig‘imi 240 mA/soatni tashkil etadi.

Shuningdek, soatning 22 millimetrlik tasmacha va bilaguzuklar bilan mos kelishini ham ta’kidlash o‘rinli. LG Watch W7 korpusi IP68 standartiga ko‘ra suv va chang kirishidan muhofazalangan. Darveqe, uning soat mexanizmi Shveysariyaning Soprod SA soatsozlik kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan.

LG Watch W7 shu oyda, 450 AQSh dollari narxida bozorga chiqadi. Bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda esa bir necha kompaniyalarning ayrim modellardagi, bundan ancha arzon «aqlli» soatlari savdoga qo‘yilgan. Ularni ko‘rib, taqqoslash hamda onlayn xarid qilish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: Apple Watch Series 4 – dunyodagi ilk romsiz smart-soat taqdim etildi! (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!