Lyuks telefonlar ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniya kasodga uchradi

  •   DiMaX
  •  1429
  •  14.07.2017 10:13

Lyuks telefonlar ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniya kasodga uchradi

Hashamdor va qimmatbaho telefonlar ishlab chiqarishi bilan dong taratgan Vertu kompaniyasi bankrotlik haqida bayonot berdi. Bu xususda The Telegraph nashri xabar berayotir.

Mazkur biznesning yangi sohibi – turk tadbirkori Murot Xoqon Uzon kreditorlar bilan kelisha olmadi. Natijada kompaniyaning Gempshirdagi zavodi yopiladigan, deyarli 200 kishi esa o‘z ish joylaridan ajraladigan bo‘ldi.

The Telegraph nashriga ko‘ra, biznesmen Vertu’ni inqirozdan olib chiqib ketishga harakat qilgan, ammo qo‘lidan kelmagan. U kompaniyaning faqat 1,9 million funt sterling miqdoridagi qarzinigina to‘lashga tayyor ekan. Vertu’ning umumiy qarzi esa anchagina yirik – 128 million funt sterlingni tashkil etadi. Oliy sud mazkur miqdorlar orasidagi farq o‘ta darajada yirik ekanini ta’kidlab, mazkur rejani ma’qullamadi.

Garchi Angliyadagi manufaktura yopilayotgan bo‘lsa-da, Xoqon Uzon intellektual mulkka, jumladan, Vertu brendiga, uning oliy toifali qurilmalari texnologiyasi va dizayniga bo‘lgan egalik huquqini saqlab qoladi.

The Financial Times manbalari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Vertu egasi hali mazkur oliy toifali brendni qayta jonlantirishdan umidvor. Xitoyning TCL Communication kompaniyasi bilan shartnoma taqdiri nima bo‘lishi ham hozircha noma’lum. Avvaliga bu ikki kompaniya qurilmalarni Angliyadagi fabrikada yig‘ishni rejalashtirishgan edi, ammo endi uning yopilishi ma’lum bo‘ldi. Aftidan, Concierge servisining faoliyatini ham yaqin orada tiklay olishmasa kerak.

Vertu kompaniyasiga 1998 yili Nokia tomonidan asos solingan edi, ammo keyingi besh yil mobaynida uning egasi uch marta almashdi. Endi yangi Vertu smartfonlari umuman ishlab chiqarilmasligi ehtimoli yuqori.

Eslatib o‘tamiz, saytimizning Facebook sahifasida Vertu Signature modelining videotavsifini taqdim etganmiz.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.