Maktablarimizda 2859 ta zamonaviy o‘quv-kompyuter sinflari tashkil etilmoqda

  •   DiMaX
  •  388
  •  11.06.2019 10:53

Maktablarimizda 2859 ta zamonaviy o‘quv-kompyuter sinflari tashkil etilmoqda

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizning umumta’lim maktablarida 2859 ta o‘quv-kompyuter sinflari tashkil etilishi belgilandi. Bu ishlar Prezident ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda, deyiladi vazirlik saytidagi xabarda.

O‘QING: Endi farzandingizning baholarini onlayn kuzatib bora olasiz!

Joriy yilning 7 iyun kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va KT kompaniyasi Prezidenti Yu Yeng Park yurtimizda o‘quv-kompyuter sinflarini tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzoladi.

Janubiy Koreyaning KT kompaniyasi «Maktab ta’limida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish» loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘ldi. Loyiha Koreya Respublikasining Eksport-import banki (Eksimbank) ajratgan $33 mln. kredit hisobiga moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida KT kompaniyasi 2766 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari sinflariga jami 2859 ta o‘quv-kompyuter yetkazib, o‘rnatib beradi. 2019 yil oxiriga qadar o‘quv-kompyuterlar 700 ga yaqin maktablarga yetkazib berilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ushbu tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreya O‘zbekistonning ishonchli hamkorlaridan biri ekanligini, shuningdek, loyiha birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirilishini aytib o‘tdi.

Mazkur loyiha maktab o‘quvchilarining kompyuter savodxonligini oshirishga yordam berishini hamda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirish mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir, deya ta’kidladi vazir.

Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi o‘quv dasturi, jumladan, axborot texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha dasturlarni qayta ko‘rib chiqmoqda.

O‘QING: O‘qishga qanday qilib DXM orqali hujjat topshiramiz?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!