Maktablarimizda geografiya fani sentyabrdanoq innovatsion darslik yordamida o‘tiladi

  •   DiMaX
  •  1047
  •  16.04.2019 09:37

Maktablarimizda geografiya fani sentyabrdanoq innovatsion darslik yordamida o‘tiladi

Joriy yilning sentyabr oyidan, ya’ni yangi o‘quv yilidan boshlab umumiy maktablarning 8-sinf o‘quvchilariga geografiya fani innovatsion darslik yordamida o‘tiladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: O‘zbek dasturchilari tomonidan onlayn – dars taqsimoti ishlab chiqildi

Xabarga ko‘ra, darslik O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Jahongir Musayev tomonidan yaratilgan bo‘lib, kitob sahifalarida o‘rin olgan QR-kodlar orqali turli qiziqarli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Vazirlik axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, avvallari darsliklardagi illyustratsiyalar asosan foto-rasmlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘rnini turli diagrammalar, xarita-chizmalar egalladi. So‘nggi 2 yil ichida esa darsliklarga infografikalarni joylashtirish boshlandi. Albatta, bu kabi o‘zgarishlar darslikni o‘qimishliligini oshiradi va darslik sahifalari ixchamlashadi. Eng muhimi o‘quvchida qiziqishni ortadi. Ayni paytda axborot-texnologiyalarni ildam rivojlanishi, QR-kod belgilarni kashf etilishi bosma nashrlarga elektron resurslarni bog‘lash imkoniyatini yaratmoqda.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun darsliklar 5 yilda bir marotaba nashr etiladi va qo‘shimcha adabiyotlarni chop etish uchun mablag‘ tanqisligi kuzatiladi. B muammolarni xal etish va ta’lim tizimiga zamonaviy innovatsion axborot resurslarni kiritishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 8-sinf geografiya darsligi («O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi»)ga QR-kod belgisini joylashtirildi. Mazkur belgi darslikni tashkil etgan 60 mavzuga alohida alohida o‘rnatilgan bo‘lib, shu mavzuga oid qo‘shimcha internet manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

O‘z navbatida internet resurslaridan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash, turli saytlardan olingan havolalarni, saytni yopilib qolishi yoki shu resursni sayt egasi tomonidan olib tashlanishining oldini olish maqsadida darslikning alohida internet sayti ishga tushirildi va internet resurslari shu saytga joylashtirildi. Mazkur jarayon darslikni nafaqat boyitdi shu bilan birga keyingi chop etilgunicha bo‘lgan o‘tadigan 5 yil davomida bo‘ladigan o‘zgarishlarni davriy ravishda internet resurslari hisobiga to‘ldirib borish imkoniyatini yaratdi.

O‘QING: Agrar universitetida «Qr-book» tizimida ishlovchi elektron kitob javoni stendlari joriy etildi

Ma’lumot uchun, QR-kod – inglizcha «Quick Response» so‘zidan olingan bo‘lib, Quick – tez, Response – javob, ya’ni «tezkor javob» ma’nosini bildiradi. Bitta QR-kod o‘rtacha 7089 ta raqam, 4296 ta raqam harf, ikkilik sanoq sistemasiga 2953 bayt yoki 1817 ta iyerogliflarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda QR-kod – bu maxsus tarzdagi kodlardan iborat bo‘lgan, qandaydir bir ma’lumot, kvadrat ko‘rinishdagi tasvirdir. Unda oddiy matn, audio yozuvlar, video roliklar, 3D formatdagi shakllar va boshqa shu kabi internet resurslari bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma’lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun bor-yo‘g‘i telefon kamerasini QR-kodga yo‘naltirgan holda, maxsus ilova orqali kodni o‘qish lozim bo‘ladi.

Shuningdek, 8-sinf texnologiya fani darsligi 16 ta amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod belgilari bilan chop etilmoqda, bu orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar amaliy mashg‘ulotlarning video tasvirini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kod belgisini o‘rnatish va shu orqali internet resurslariga bog‘lash mumkin va ularni bitta saytda jamlash (masalan, xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-sayti – uzedu.uz yoki portali http://eduportal.uz’ga) doimiy to‘ldirib borilishi mumkin.

Mazkur loyihani amalga oshirilishi bosma darsliklarni internet resurslariga bog‘lash, o‘quvchilarni qo‘shimcha qiziqarli yangiliklardan matn, audio, video shakllarida xabardor qilib turish, bosma nashrlarga sarf bo‘layotgan mablag‘larni iqtisod qilish, ularni elektron resurslar bilan boyitish imkoniyatini yaratadi.

O‘QING: O‘zbekistonda ilk innovatsion QR-kodli she’riy to‘plam nashr etildi