Mark Sukerberg internetni isloh qilishni taklif etdi

Mark Sukerberg internetni isloh qilishni taklif etdi

Facebook bosh direktori Mark Sukerberg internet qoidalarini isloh qilish bo‘yicha qadamlarni tushuntirib berdi. Bu haqda xorij manbalariga tayanib, Daryo xabar bermoqda.

O‘QING: «Chegarasiz muxbirlar» Facebook’ni sudga berdi

Hukumat rasmiylari tomonidan koronavirus pandemiyasi hamda 2016 va 2020 yildagi AQSh prezidentligiga saylovlar haqidagi noto‘g‘ri axborot uchun tanqid qilingandan keyin Facebook, Twitter va Google bosh direktorlari virtual tinglov doirasida Kongress oldida chiqish qildi. Tinglovning asosiy mavzulari noto‘g‘ri axborotga qarshi kurashish va «Kommunikatsiyalardagi tartib to‘g‘risida»gi qonunning 230-bo‘limi bo‘ldi.

230-bo‘lim — bu 1996 yilda qabul qilingan qonunchilik akti. U Facebook kabi kompaniyalarga foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan kontent uchun daxlsizlik huquqini beradi.

Prezident Jo Bayden saylovoldi kampaniyasi chog‘ida 230-bo‘limni bekor qilish yoki qayta yozishni taklif qildi. Sukerberg esa oxirgi variantni qo‘llab-quvvatladi. Vakillar palatasining energetika va savdo bo‘yicha kichik qo‘mitalaridagi tinglov uchun tayyorlangan guvohlar ko‘rsatmasida u qonun chiqaruvchilarni 230-bo‘lim ta’minlaydigan himoya faqat noqonuniy kontentni aniqlash va uni yo‘q qilish tizimlariga ega platformalar uchun amal qilishi kerak, degan taklifni bildirdi.

Sukerbergning fikriga ko‘ra, texnologik platformalar o‘zining algoritmi tarkibiga kirmaydigan kontentlarning istalgan qismi uchun javob berishga majbur bo‘lmasligi kerak.

Boshqa tomondan, uning taklifi kichikroq platformalarni istisno qiladi, chunki texnologik gigantlar kabi ularning aksariyati bir xil filtrlash va moderatsiya vositalarini yaratish uchun resurslarga ega bo‘lmaydi.

Avvalroq Alphabet (Google’ning bosh kompaniyasi), Facebook va Twitter texnologik kompaniyalar aksiyalari 5 foizdan ham ko‘proq (har biriniki) tushib ketgani haqida xabar berilgan edi. Savdolar yopilishiga kelib, uchta kompaniya birgalikda bozor qiymatida qariyb 107 milliard dollar yo‘qotdi.

O‘QING: O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi mumkinmi?