Markaziy bank O‘zbekistonda qachon PayPal ochilishini ma’lum qildi

  •   DiMaX
  •  9032
  •  29.10.2020 09:00

Markaziy bank O‘zbekistonda qachon PayPal ochilishini ma’lum qildi

UzCard allaqachon Qiwi, «Yandeks.Dengi» hamda WebMoney bilan bitim imzolagan, PayPal bilan muzokara olib borilayotgani ham aytilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yurtimizda PayPal tizimi ishga tushishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

O‘QING: PayPal orqali endi kriptovalyuta olish va sotish ham mumkin

«PayPal» o‘zi nima?

«PayPal» – bu xalqaro to‘lov tizimi bo‘lib, AQShning PayPal Holdings Inc. kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan ochiq aksiyadorlik jamiyati (public company) hisoblanadi va aksiyalari NASDAQ birjasida savdo qilinadi.

Mazkur to‘lov tizimida to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida bank kartalari («Visa», «MasterCard», «AmEx» va h.k.) biriktiriladi va ular orqali pul mablag‘larini elektron hamyonlarga kirim qilish hamda pulni qaytarib olish imkoniyati mavjud. To‘lov tizimi tomonidan undiriladigan haq (komissiya) to‘lovning turiga qarab 3,4 foiz+$0,30 gacha, valyutalar konvertatsiyasida esa 3,9 foizni tashkil etadi.

«PayPal» O‘zbekiston uchun nimaga kerak?

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar o‘zlari yaratgan dastur va raqamli kontentni (reklama, o‘yin tokenlari va boshqalarni) chet ellik mijozlarga (xaridorlarga) sotish uchun turli xil elektron platformalardan foydalanadilar. Mazkur platformalar tomonidan dastur yoki raqamli kontentdan tushgan mablag‘lar yig‘ilib, dasturchi-frilanserlarga to‘lab beriladi.

Mahalliy dasturchilarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, elektron platformalarning ko‘pchiligi, xususan, eng yirik «Google PlayMarket» yoki «Apple AppStore» ilovalar do‘koni tomonidan o‘zbekistonlik dasturchilarga to‘lovlar bank kartalari yoki odatiy bank pul o‘tkazmalari orqali hech qanday muammolarsiz to‘lab berilmoqda.

Biroq ayrim ixtisoslashgan platformalarda, xususan, «Upwork», «Fiverr» yoki o‘yin tokenlari sotiladigan «Envato», «Storyblocks» va shunga o‘xshash tizimlarda to‘lovlar faqat «PayPal» to‘lov tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.

O‘QING: TOP-10: Koronavirusdan foyda olayotgan IT-kompaniyalar

Muammo o‘zi nimada?

Hozirgi kunda «PayPal» to‘lov tizimida elektron hamyonlarni O‘zbekiston hududida muomalaga chiqarilgan bank kartalarini biriktirgan holda pul mablag‘lari bilan to‘ldirish imkoniyati mavjud emas. Mazkur cheklovni ushbu to‘lov tizimi O‘zbekistonda biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishmagan, muhokama qilmagan holda mustaqil ravishda o‘rnatgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3724-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan «PayPal» kompaniyasi bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarda kompaniya yaqin kelajakda mazkur tizimni respublikamizda joriy etish rejalashtirilmaganligini bildirgan.

Markaziy bank «PayPal»ga nisbatan cheklov o‘rnatganmi?

Markaziy bank aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun xorijiy to‘lov tizimiga ulanish, shuningdek, respublika banklari tomonidan muomalaga chiqarilayotgan «Visa», «MasterCard», «UnionPay» yoki «MIR» kartalarini xorijdagi elektron hamyonlarga biriktirish yuzasidan hech qanday cheklov o‘rnatmagan. Misol uchun, bugungi kunda fuqarolarimizning «WebMoney», «QIWI» va boshqa shunga o‘xshash xorijiy elektron hamyonlar tizimlaridan foydalanishi tobora keng tus olmoqda.

O‘QING: TOP-10: O‘zbekistondagi kiberxavfsizlik ta’minlangan tashkilotlar

 «PayPal» o‘rnatgan cheklovni Markaziy bank bekor qila oladimi?

Markaziy bank tomonidan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi, xalqaro norma va qoidalarini o‘rganish asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi Qonunida (O‘RQ-378, 2019 yil 1 noyabr) elektron pullar muomalasiga, shuningdek, to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolatiga doir normalar o‘rin olgan.

Shunga ko‘ra, Markaziy bankning to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati respublikamiz hududida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimlari faoliyatiga tegishli bo‘lib, boshqa davlatlar, jumladan, AQShda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan to‘lov tizimlariga taalluqli emas.

Markaziy bankning to‘lov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati doirasida «PayPal» to‘lov tizimidagi O‘zbekistonda muomalaga chiqarilgan kartalarga nisbatan o‘rnatilgan cheklovni ma’muriy yo‘l bilan bekor qilish imkoniyati mavjud emas.

Qachonki «PayPal» to‘lov tizimi O‘zbekistonda tegishli bo‘linma ochib, milliy valyuta – so‘mda to‘lovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lsa (Rossiyada faoliyat yuritayotgan OOO NKO «PeyPal RU» kabi), u holda amaldagi qonunchilikka ko‘ra, «PayPal» Markaziy bankdan tegishli litsenziya olishi va o‘rnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida bo‘lishi talab qilinadi.

Dasturchi-frilanserlar nima qilishi kerak?

«O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari»ga (ro‘yxat raqami 3231, 29.04.2020 yil) muvofiq, Markaziy bank tomonidan «OSON», «SLICK» va «PAYME» to‘lov tizimlari elektron pullar tizimi reyestriga kiritilgan.

Hozirda mazkur elektron pullar tizimlarida ochilgan elektron hamyonlariga «WebMoney» va «QIWI» elektron hamyonlari orqali elektron pullarni o‘tkazish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, «OSON» va «SLICK» elektron pullar tizimi operatorlari tomonidan «PayPal» tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, respublikamiz tijorat banklari tomonidan «Visa», «Mastercard», «Unionpay» xalqaro to‘lov tizimlari bilan o‘zaro kelishuv asosida muomalaga chiqarilayotgan chet el valyutasidagi bank kartalari yordamida internet orqali onlayn to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati ham mavjud.

Ushbu xalqaro bank kartalari orqali dunyoning deyarli barcha elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlariga internet orqali onlayn to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan xalqaro bank kartalari orqali onlayn to‘lovlarni amalga oshirish uchun raqobatbardosh va jozibador tariflar taqdim etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, «PayPal» to‘lov tizimi tomonidan o‘rnatilgan cheklov bekor qilinmaguniga qadar, dasturchi-frilanserlar muqobil elektron hamyonlar – «WebMoney», «QIWI», «Yandeks.Dengi» xizmatlaridan foydalanishlari yoki to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalari orqali qabul qilishlari mumkin. Bank kartalari yordamida amalga oshirilgan to‘lovlar narx borasida, ya’ni elektron tijorat sub’yektlari to‘laydigan komissiyaning nisbatan kamligi (0-2,5 foiz) jihatidan ham eng maqbul vosita bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Oyiga 5 000 – 7 000 dollar daromad topayotgan 23 yoshli dasturchi Sardor Islomov bilan suhbat

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.