Mashhur «ustabuzarmon» 2021 yilning sinmaydigan va bukilmaydigan yagona o‘yin smartfonini e’lon qildi (+video)

  •   DiMaX
  •  1861
  •  24.04.2021 14:54

Mashhur «ustabuzarmon» 2021 yilning sinmaydigan va bukilmaydigan yagona o‘yin smartfonini e’lon qildi (+video)

Zak Nelson nomi sizga tanish: u turli smartfonlarning mustahkamligini ayovsiz sinab ko‘rib, videolarini JerryRigEverything nomli YouTube-kanalida ulashadi. «Qurilmalarni qiynovchi» ushbu videobloger yaqinda 2020 yilning eng, eng, eng... smartfonlari reytingini e’lon qilgan edi.

O‘QING: «Qurilmalarni qiynovchi» videobloger sinab ko‘rdi: Galaxy S21 Ultra qanchalik mustahkam?

Zak Nelson (Zack Nelson) so‘nggi testlaridan birida joriy yildagi eng kuchli geymerofonlari orasida qay biri eng mustahkami ekanligini e’lon qildi. Umuman olganda, aynan o‘yinlarga moslangan zo‘r smartfonlar unchalik ko‘p emas. ASUS kompaniyasi mart oyida ROG Phone brendi ostida uchta rusumda – ROG Phone 5, ROG Phone 5 Pro hamda ROG Phone 5 Ultimate o‘yin smartfonlarini namoyish qilgan edi. Lenovo kompaniyasi geymerlarga mo‘ljallangan ikkinchi avlod smartfoni – Legion 2 Pro modelini chiqargan.

Shuningdek, Xiaomi korporatsiyasining o‘yin qurilmalariga ixtisoslashgan brendi taqdim etgan flagmanlar – Black Shark 4 hamda Black Shark 4 Pro telefonlari bor.

ASUS’ning standart geymerofoni va Lenovo o‘yinbop smartfonini Zak Nelson avvalroq «qiynab» ko‘rgan va ularning korpusi mo‘rtligini aytgan edi. Black Shark 4 modelini esa u yaqinda sinab ko‘rdi va qo‘shimchasiga uni sovituvchi Fun Cooler 2 aksessuarining ham «ichak-chovog‘ini» chiqarib, ishlash tamoyilini ko‘rsatib berdi.

O‘QING: Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

Testda ma’lum bo‘lishicha, Black Shark 4 smartfonining himoya plyonkasi ostidagi ekrani Moos qattiqlik shkalasi bo‘yicha 6-darajadagi bosim ostida tirnaladi. Displey alangaga taxminan 25 soniya bardosh beradi, keyin oqara boshlaydi; lekin keyin u o‘zini tiklab oladi.

To‘rtinchi avlod «Qora akula» korpusining karkasi va tugmachalari metalldan ishlangan bo‘lib, hattoki bolg‘a bilan yengilroq zarba berganda ham chidaydi.

Zak Nelson yuqoridagi omillarni hisobga olib va boshqa geymerofonlar testlari bilan solishtirib, Black Shark 4 modelini 2021 yilning sinmaydigan va bukilmaydigan yagona o‘yin smartfoni, deb e’tirof etdi. Qizig‘i shundaki, u narigi ikki smartfondan arzonroq ham turadi!

Eslatib ztamiz, mazkur vloger Xiaomi’ning eng mustahkam smartfoni – 2019 yilning noyabrida chiqqan o‘rta narxli modeli ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘QING: O‘rta narxli o‘nta eng zo‘r smartfon (AnTuTu global reytingi, 2021 yil mart)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!