Maxfiy selfi-kamerali ilk smartfon – ZTE Axon 20 5G taqdim etilib, allaqachon hafsalani pir qildi!

  •   DiMaX
  •  1561
  •  02.09.2020 12:16

Maxfiy selfi-kamerali ilk smartfon – ZTE Axon 20 5G taqdim etilib, allaqachon hafsalani pir qildi!

ZTE kompaniyasi, o‘zi va’da qilganidek, 1 sentyabr kuni Axon 20 5G modelini taqdim etdi. U old kamerasi displeyning ortiga yashirilgan ilk tijoriy smartfon sifatida bozorga chiqyapti.

O‘QING: Yashirin kuzatuv vahimasidan butkul xalos etuvchi smartfon chiqdi

Axon 20 5G diagonaliga 6.92 dyuymlik OLED-displey bilan jihozlangan va u DCI-P3 rang qamrovini 100% qoplagan. Ekranning tasvir aniqligi 2460x1080 pikselga teng, bu esa Full HD+ formatiga to‘g‘ri keladi. Displeyda kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik bo‘lsa, sensor qoplami naq 240 gerslik chastotada yangilanadi. Zamonaviy trendlarga mos tarzda, daktiloskop ham ekranning o‘ziga integratsiya qilingan.

Kutilganidek, Axon 20 5G modelining asosiy o‘ziga xosligi – ekranosti kamera hisoblanadi. ZTE vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunga erishish uchun yuqori darajadagi shaffoflikka ega material, qo‘sh boshqaruvli chip, o‘ziga xos drayver sxemasi hamda matritsada piksellarning o‘zgacha joylashuvi orqali erishilgan. Shuningdek, ular 32 megapiksellik selfi-kamera uchun o‘ziga xos yangi algoritmlar ham ishlab chiqishgan.

Darvoqe, shu o‘rinda eslab o‘tish o‘rinli: birinchi shaffof televizor – Xiaomi Mi TV Lux Transparent Edition displeyida ham piksellarning o‘ziga xos joylashuvi qo‘llangan.

O‘QING: Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorning asosiy sirini oshkor etdi

Axon 20 5G modeliga qaytadigan bo‘lsak, boshqa jihatlariga ko‘ra u o‘rta narx toifasidagi oddiy smartfondir. Devaysning «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 765G protsessori tanlangan. Beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llovchi mazkur chipset tarkibida Adreno 620 grafik tezlatgichi mavjud. ZTE bu smartfonini 6 va 8 gigabaytlik tezkor hamda 128 va 256 gigabaytlik doimiy xotira bilan chiqaryapti.

Bosh kameraga kelsak, uning asosiy moduli 64 megapiksellik, ikkinchi – keng burchakli ob’yektiv bilan birlashgan sensori esa 8 megapiksellik aniqlikka ega. Shuningdek, kvadrokamera jamlanmasiga har biri 2 megapiksellik makrokamera hamda sahna chuqurligini aniqlash datchigi ham kirgan.

ZTE Axon 20 5G akkumulyatorining tok sig‘imi 4 220 mA/soatlik bo‘lib, unga 30 vattlik Quick Charge 4+ tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan. Smartfonda ma’lumot almashish hamda zaryadlash uchun zamonaviy USB-C porti mavjud.

Qurilmaning korpusi o‘lchamlari 172,1x77,9x7,9 millimetr, vazni esa 198 gramm keladi. ZTE bu modeliga Android 10 operatsion tizim talqini bazasidagi MiFlavor 10.5 grafik qobig‘ini o‘rnatgan. Uni xaridorlarga binafsha rang, zarg‘aldoq, ko‘k va qora korpuslarda taklif etishyapti.

Axon 20 5G uchun oldindan buyurtma olish allaqachon boshlangan; 10 sentyabrdan uni Xitoyda ochiq savdoga ham chiqarishadi. Narxlariga kelsak, tezkor/ichki xotira hajmiga ko‘ra quyidagicha:

6/128 gigabaytligi – $322 (2 198 yuan);

8/128 gigabaytligi – $366 (2 498 yuan);

8/256 gigabaytligi – $410 (2 798 yuan).

Shunisi ham borki, yuqoridagi rasmlarning barchasi Axon 20 5G modelining render suratlaridir. Kechaning o‘zida uning «jonli» rasmlari ham tarqalgan va ularda yashirin old kamera baribir bilinib qolganligi kishining hafsalasini pir qiladi:

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi undan ham avval ekranosti kamera (yoki yashirin kamera) qo‘llanuvchi smartfonini «jonli» videoda ko‘rsatgan edi. Kompaniyaning o‘zi taqdim etgan reklama videosidan tashqari, keyinchalik xitoylik bir texnobloger shu texnologiyaga ega smartfonni o‘zi «jonli» tarzda, marketing bezaklarisiz videoga olib e’lon qilgan. Uning qo‘lida «Xitoycha Apple»ning yubiley superflagmani – Xiaomi Mi 10 Ultra modelining maxsus versiyasini ko‘ramiz.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra’da yashirin kamera qanday ishlashini «jonli» videoda tomosha qilamiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!