Maxfiylik bo‘yicha eng kuchli va eng yomon brauzerlar reytingi
Deyarli barcha brauzerlar foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, ammo ayrimlari bu borada faolroq bo‘lib, ko‘proq joylarga jo‘natadi. Irlandiyadagi Triniti-kollejning axborot xavfsizligi mutaxassisi dunyodagi eng ommabop brauzerlarning maxfiyligini o‘rganib chiqib, natijalarini e’lon qildi.
O‘QING: Google Chrome’da jonga teguvchi bildirishnomalarni butkul o‘chirib qo‘yamiz
Ushbu tadqiqotda Google Chrome 80.0.3987.87, Mozilla Firefox 73.0, Brave 1.3.115, Safari 13.0.3, Microsoft Edge 80.0.361.48 hamda «Yandeks.Brauzer» 20.2.0.1145 versiyalari sinab ko‘rilgan. Bunda internet-sahifalarni ko‘rish jarayonida ilovaning foydalanuvchi haqida qanchalik ko‘p ma’lumot yig‘ishi va keyin ularni nima qilishi o‘rganilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, xavfsizlik yo‘nalishida eng yomon brauzer Microsoft Edge ekan. U qidiruv so‘rovlarini bog‘lovchi identifikatorlarni, o‘zaro bog‘liq IP-manzillar hamda foydalanuvchi lokatsiyasini o‘z serverlariga jo‘natar, tag‘in bu funksiyalarni o‘chirib qo‘yish ham oson emas ekan. Ekspertning ta’kidlashicha, «Yandeks.Brauzer» maxfiyligi ham shu darajada.
Chrome, Firefox hamda Safari ushbu reytingda o‘rta pog‘onani egallagan – ularda ma’lumotlarni nazoratsiz yig‘ish hamda qidiruv so‘rovlarini avtomatik to‘ldirish kabi funksiyalarni o‘chirib qo‘yish imkoni mavjud. Lekin shunday qilinganida ham Chrome baribir foydalanuvchining unikal (takrorlanmaydigan) identifikatorini aniqlaydi. Firefox ham bir qator ma’lumotlarni yig‘adi, Safari bosh sahifasi esa standart sozlamalarga ko‘ra ma’lumotlarni uchinchi tomonlarga uzatishi mumkin.
Xullasi kalom, maxfiylik reytingida Brave brauzeri yetakchi bo‘lib chiqdi – u standart holatda yuqoridagi kabi ma’lumotlarni turli serverlarga jo‘natmas ekan.