Mazkur tarmoqda bitta reklama 25 dona iPhone 11 Pro narxiga teng, lekin bu hali holvasi!

  •   DiMaX
  •  3090
  •  12.10.2019 10:58

Mazkur tarmoqda bitta reklama 25 dona iPhone 11 Pro narxiga teng, lekin bu hali holvasi!

Google Play o‘tgan yilning oxirida eng zo‘r o‘yin, ilova, kitob, film va seriallari ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ular orasida TikTok – musiqiy fonli qisqa videolavhalar yaratuvchi va ulashiluvchi ijtimoiy tarmoq ilovasi ham mavjud. 2019 yilda ham uning reytingi baland bo‘lib turibdi...

O‘QING: Kim yetakchi - App Store yoki Play Market?! Eng ko‘p yuklangan ilovalar qaysilar?

Ad Age nashrining aniqlashicha, TikTok ijtimoiy tarmog‘ida reklama berishning minimal narxi 25 000 AQSh dollariga teng ekan! Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak: zamonamizdagi eng qudratli smartfonlardan biri – Apple korporatsiyasi yaqinda namoyish etgan iPhone 11 Pro flagmani (sotib olish) narxi 999 dollardan boshlanadi. Demak, o‘sha TikTok’da bitta reklama berish narxiga 25 ta zo‘r ayfon olish mumkin!

TikTok nazdida eng arzoni bo‘lgan bunday reklama foydalanuvchining yangiliklar tasmasida chiquvchi 5-15 soniyalik videolavha ko‘rinishida bo‘lib, bunday format In-Feed Video deb ataladi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bunday roliklarni baholashlari, izohlashlari va do‘stlariga ulashishlari mumkin. Reklama videosi avtomatik tarzda ovoz bilan ijro etiladi. Reklama beruvchi uchun bunday lavha kuniga 30 000 dollarga tushishi mumkin.

Bu hali holvasi: TikTok ma’muriyati kompaniyalarga Hashtag Challenge formatli reklamani ham taklif etadi va u 150 ming dollar turadi! Bunda reklama kampaniyasi olti kun mobaynida, brend nomidan fleshmob ko‘rinishida olti kun davom etadi. Reklama banneri «Qiziqarli» varaqasida aks etib, haqi to‘langan heshteg esa ikkinchi o‘rinda biriktirilib turadi.

O‘QING: Yetib keldik: Xiaomi kabi, endi Samsung ham smartfonlarini reklamaga to‘ldirib tashlaydi

TikTok bulardan tashqari Brand Takeover formatida ham reklama berishni taklif etadi. Bunda kuniga 50 ming dollar evaziga foydalanuvchilarga to‘liq ekranli banner ko‘rsatiladi. Branded Lenses turidagi reklamada esa 120 ming dollar evaziga brendlangan 2D yoki 3D filtrlari yaratiladi.

Xullasi kalom, shunaqa gaplar – TikTok tarmog‘ida reklamaning narxi osmonda. Mazkur kompaniyaning ta’kidlashicha, servisning oylik auditoriyasi 800 million nafar faol foydalanuvchini tashkil etadi.

O‘QING: Bu mashhur fotomodel bitta Instagram-posti uchun qancha pul olishini tasavvur ham qilolmaysiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!