MDC Nova – yoshlarbop zamonaviy smartfon!

  •   DiMaX
  •  8751
  •  26.02.2018 14:35

MDC Nova – yoshlarbop zamonaviy smartfon!

Hozirda yoshlar foydalanadigan smartfonga qo‘yiladigan asosiy talablar qanaqa? Dizayni chiroyli, interneti tezkor va kameralari kuchli bo‘lgani ma’qul, to‘g‘rimi? Xususan, selfi olish imkoniyatlari keng bo‘lsa – yanada yaxshi. O‘zbekiston bozoriga yaqinda kirib kelgan MDC brendining navbatdagi – Nova rusumli qurilmasi shu talablarga javob bera oladi.

O‘QING: MDC Prime Lite – bir million so‘mlik, HD-ekranli va qo‘sh kamerali smartfon!

Bugun MDC brendi ostidagi Nova smartfoni bilan tanishamiz, uning xususiyatlarini ko‘rib chiqamiz.

Chiroyli qadoqda to‘liq jamlanma

MDC Nova smartfoni oq-moviy ranglar uyg‘unligidagi ko‘rkam qutisida taqdim etilmoqda. Qutining ustiga smartfonning rangli surati va nomi tushirilgan, orqa tomonida va yonlarida tegishli ma’lumotlar keltirilgan.

Qadoq ichida smartfonning to‘liq jamlanmasi mavjud: qurilmaning o‘zidan tashqari, silikon g‘ilof va ekran uchun himoya shishasi ham joylangan. Telefonni quvvatlash uskunasining USB-kabeli olinadi va ma’lumot almashish uchun uni kompyuterga ulash imkoni mavjud. MDC brendli quloqchin ham jamlanmaga qo‘shilgani yana bir afzallikdir.

Shuningdek, qutida smartfonning kafolat taloni hamda ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi foydalanish yo‘riqnomasi mavjud.

Zamonaviy ko‘rinishli korpus

Ishlab chiqaruvchi MDC Nova modelini plastik korpusida taqdim etgan. Uning ochiladigan orqa panelida asosiy kamera va uning chaqnog‘i xuddi iPhone 8 Plus modelidagi kabi joylashtirilgan. Pastroqda, panelning o‘rtarog‘ida barmoq izi skaneri o‘rin olgan. Eng pastda bo‘rtiq kumushrang yozuvda brend nomi aks ettirilgan.

MDC Nova smartfoni korpusining o‘ng qirrasida ovozni ko‘tarish/pasaytirish hamda smartfonni o‘chirib-yoqish tugmachalari joylashgan. Tepa qirrada an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi hamda MicroUSB porti, pastki qirrada bo‘lsa mikrofon hamda dinamik o‘rin olgan.

Old panelda «Uyga» moddiy tugmachasi yo‘q, bu esa to‘liq ekran effektini hosil qilgan. Displeyning tepa qismida so‘zlashuv dinamigi va tegishli datchiklar ko‘zga tashlanadi.

Trendlarga mos ekran

MDC Nova qurilmasi 5.7 dyuymlik ekran bilan jihozlangan, uning ikki chekkasidagi romlari ensiz. Displeyning pastida sensorli uchta tugmacha joylashgan: o‘rtada «Uyga», undan chapda «Orqaga» hamda o‘ngda – ishga tushirilgan ilovalar ro‘yxatini chiqarish tugmachalari.

Infinity display turidagi displeyning piksellar sig‘imi HD+ formatida, ya’ni 1440x720 pikselli. U ranglarni juda yaxshi uzatadi, burchak ostida qaraganda ham tasvir sifati buzilmaydi. Turli kontentni – matnlar, surat va videolarni yetkazib berish uchun qulay.

Yoshlarbop kameralar

Mazkur smartfonning asosiy kamerasi 8 megapikselli, old kamerasi esa 5 megapikselli modellar bilan jihozlangan. Yaxshi tomoni – har ikkala kamera ham o‘zining fotochaqnog‘iga ega. Bu esa yaxshi yoritilmagan sharoitlarda ham sifatli suratlar olish imkonini beradi. Old kamerada ham chaqnoq mavjudligi, ayniqsa, selfi olishni xush ko‘ruvchi yoshlar uchun ayni muddao.

MDC Nova kameralarining dasturiy ta’minoti ham yaxshi ishlangan – turli rejimlarda suratga hamda videoga tushirish uchun keng imkoniyatlar bor. Bugungi kunda ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun buning ahamiyati katta.

Aloqa imkoniyalari

Mazkur devays ikkinchi va uchinchi avlod (2G/3G) uyali aloqa tarmoqlarida ishlash imkoniyatiga ega. O‘zbekistonning aksariyat hududlaridagi aloqa signallari imkoniyatlarini inobatga olsak, ushbu qurilma foydalanuvchilarning talablarini to‘la qondira oladi.

Hozirgi ko‘pchilik telefonlarda bo‘lgani kabi, MDC Nova modelida ham ikkita SIM-karta bo‘lmachasi mavjud. Bu esa foydalanuvchiga aloqa operatorlari orasida o‘ziga ma’qulining xizmatlarni tanlash erkinligini taqdim etadi.

Texnik ta’minotiga kelsak...

MDC Nova gadjetining «elektron yuragi» – 1.3 gigagers takt chastotasida ishlovchi to‘rt yadroli protsessordir. Tezkor xotirasi 1 gigabayt, doimiy xotirasi esa 8 gigabayt hajmga ega. Bu kamlik qiladigan bo‘lsa, MicroSD-karta yordamida uning xotirasini kengaytirish imkoni bor.

Qurilma sun’iy yo‘ldosh orqali navigatsiya uchun GPS/AGPS moduli, shuningdek, simsiz aloqaning Wi-Fi hamda Bluetooth interfeyslarini qo‘llab-quvvatlovchi modullar bilan ta’minlangan. 2500 mA/soat sig‘imli akkumulyator MDC Nova smartfonini quvvat bilan ta’minlab turadi.

Xullasi kalom...

Bugungi kundagi aksariyat smartfonlar qatori, MDC Nova modeli ham Android operatsion tizimining yettinchi – Nougat talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Smartfondagi ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash uchun grafik kalit, parol yoki kodli so‘zmi – bu usullarning barchasini ushbu model qo‘llab-quvvatlaydi. Bulardan tashqari, MDC Nova’da zamonaviy biometrik usul – foydalanuvchi shaxsini barmoq izi skaneri orqali tasdiqlash texnologiyasi ham tatbiq etilgan.

Shulardan kelib chiqib, aytish mumkinki, har ikkala kamerasi ham fotochaqnoqqa ega, keng ekranli va daktiloskopik skanerli MDC Nova bugungi kunda O‘zbekiston bozoriga taqdim etilgan, o‘z narxi doirasidagi smartfonlar bilan bemalol bellasha oladi.

Narx-navo, korpus ranglari va kafolat xizmati

MDC Nova O‘zbekiston bozorida qora, oltin va qizil ranglarda taqdim etilgan. Narxi elektronika bozorlarida 620 ming so‘mdan boshlanmoqda. Aytish mumkinki, hozirda bizning bozorda bu narx evaziga 5,7 dyuymli smartfon topish ancha mushkul.

Darvoqe, MDC brendi ostidagi smartfonlar qatori, Nova modeliga ham ishlab chiqaruvchi tomonidan 1 yillik kafolat xizmati taqdim etiladi.

O‘QING: MDC Optima – metall korpusli 4G-smartfon

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!