MDC Optima – metall korpusli 4G-smartfon

  •   DiMaX
  •  8936
  •  23.02.2018 14:39

MDC Optima – metall korpusli 4G-smartfon

O‘zbekiston bozoriga yaqinda kirib kelgan MDC brendining smartfonlari xaridorlarga ma’qul kelmoqda. Uning navbatdagi modeli – Optima rusumli telefoni ham shu muvaffaqiyatli yurishni davom ettirishga tayyor.

O‘QING: MDC Grand – barmoq izi skaneri va HD-displeyga ega eng hamyonbop smartfon!

Xullas, bugun MDC brendi ostidagi Optima smartfoni bilan tanishamiz, uning xususiyatlarini qisqacha ko‘rib chiqamiz.

Smartfonga mos qadoq

MDC Optima smartfonining o‘ziga ham, qutisiga ham dizaynerlar yaxshi ishlov berishganini u bilan birinchi uchrashuvdayoq his etasiz. Oq va ko‘k ranglar uyg‘unligidagi ajoyib qadoq ustiga smartfonning rangli surati va nomi tushirilgan. Qutining orqa tomonida va yonlarida esa uning xususiyatlariga tegishli ma’lumotlar keltirilgan.

Qutiga to‘liq jamlanma joylangan: qurilmaning o‘zidan tashqari, silikon g‘ilof va ekran uchun himoya shishasi ham joylangan. Jamlanmadagi quvvatlash uskunasining USB-kabeli olinadi va uni kompyuterga ulash mumkin. Jamlanma tarkibida MDC brendli quloqchin ham mavjudligi xaridorlarni quvontirishi aniq. Qutiga smartfonning kafolat taloni hamda ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi foydalanish yo‘riqnomasi ham joylangan.

Baquvvat korpus

Mustahkam bo‘lishini nazarda tutgan holda, ishlab chiqaruvchi MDC Optima modelini metall korpusda chiqargan. Uning korpusi ochilmaydi, SIM-kartalar hamda MicroSD bo‘lmachasi yuqori qirradan joylanadi. Shuningdek, an’anaviy 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi ham shu yerdan o‘rin olgan. Pastki qirrada bo‘lsa MicroUSB porti, mikrofon hamda dinamiklar kzga tashlanadi.

Aksariyat smartfonlardan farqli ravishda, MDC Optima modelida tashqi boshqaruv tugmachalari korpusning o‘ng emas, balki chap tomonida joylashgan. Telefonni qo‘lda ushlaganda ko‘rsatkich barmoq yetadigan joyda qurilmani o‘chirib-yoqish tugmachasi, pastroqda esa ovozni balandlatish/pastlatish o‘rin olgan.

Orqa panelda kamera datchigi, uning ostida fotochaqnoq, undan ham pastda – barmoq izi skaneri chiroyli joylashgan. Umuman, MDC Optima’ning tashqi ko‘rinishi Xiaomi’ning yaqindagina taqdim etilgan Redmi 5 Plus smartfonini eslatadi. Orqa panelning pastrog‘ida bo‘rtiq yozuvda brend nomi tushirilgan.

Korpusning old panelida «Uyga» moddiy tugmachasi yo‘qligi to‘liq ekran effektini beradi. Displeyning tepa qismida so‘zlashuv dinamigi va tegishli datchiklar ko‘zga tashlanadi.

MDC Optima korpusining o‘lchamlari 151.9x73.3x9.5 millimetrga, vazni esa 172 grammga teng.

Zamonaviy ekran

MDC brendining Optima telefoni 5.7 dyuymlik IPS-ekran bilan jihozlangan, uning ikki chekkasidagi romlari ensiz. Tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda – bunisi hozir urfga kirgan.

Displeyning pastida sensorli uchta tugmacha: o‘rtada «Uyga», undan o‘ng tomonda «Orqaga» hamda chapda – ishga tushirilgan ilovalar ro‘yxatini chiqarish tugmachalari joylashgan.

Smartfonning displeyi Infinity display turida, uning tasvir aniqligi 1440x720 pikselli, ya’ni HD+ formatida. Ekranning ranglarni uzatishi juda yaxshi, qiyalatib qaraganda ham tasvir o‘z sifatini yo‘qotmaydi.

«Ko‘z»lari o‘tkir!

MDC Optima smartfoni 13 megapikselli modulga hamda LED-chaqnoqqa ega bosh kamera bilan jihozlangan. Selfi uchun esa 5 megapikselli old kamera ajratilgan.

Qurilmaning kameralari dasturiy ta’minoti ham yaxshi ishlangan – unda har xil rejimlarda suratga hamda videoga tushirish mumkin.

Darvoqe, kameralar orqali olingan fotosuratlar, videolarni saqlash uchun uning 16 gigabayt hajmga ega doimiy xotirasi kamlik qilsa, telefonga MicroSD formatidagi xotira kartasini qo‘yish imkoni bor.

To‘rtinchi avlod aloqasi

Ushbu smartfon ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi avlod (2G/3G/4G) uyali aloqa tarmoqlarida ishlash imkoniyatiga ega. Hozirda yurtimizdagi aloqa operatorlari yangi standartlarni tobora keng yoyib borayotganini hisobga olsak, LTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi MDC Optima kabi qurilmalarning ahamiyatini anglash qiyin emas.

Aksariyat smartfonlarda bo‘lgani kabi, MDC Optima ham ikkita SIM-karta bilan ishlay oladi. Bugungi kunimizda O‘zbekiston sharoitida bunisi ham muhim. 

Texnik ta’minoti tuzukkina

MDC Optima devaysiga 1.3 gigagers takt chastotasida ishlovchi to‘rt yadroli protsessor o‘rnatilgan. Samaradorlikni ta’minlashda unga 2 gigabaytlik tezkor xotira yordamga keladi.

Smartfon sun’iy yo‘ldosh orqali navigatsiya uchun GPS/AGPS moduli, shuningdek, simsiz aloqaning Wi-Fi hamda Bluetooth interfeyslarini qo‘llab-quvvatlovchi modullar bilan jihozlangan. uning quvvat manbai esa 3000 mA/soat sig‘imli batareyasi hisoblanadi.

Shunday qilib...

MDC brendi ostidagi Optima smartfoni bugungi kun talablariga javob bera oluvchi, mustahkam aloqa vositasidir. U Android 7.0 Nougat operatsion tizim talqinida ishlaydi.

Mazkur smartfon egasi undagi shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash uchun grafik kalit, parol yoki kodli so‘zdan foydalanishi mumkin. Shuningdek, MDC Optima’da zamonaviy biometrik usul – foydalanuvchi shaxsini barmoq izi skaneri orqali tasdiqlash texnologiyasi ham joriy qilingan.

Ushbu smartfonni poytaxtimizdagi elektronika bozorlaridan 800 ming so‘mdan boshlab xarid qilishingiz mumkin. Aytgancha, MDC brendi ostidagi smartfonlarga ishlab chiqaruvchi tomonidan 1 yillik kafolat xizmati ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston bozorida tobora o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan MDC brendining navbatdagi telefoni – mustahkam va ko‘rkam Optima yurtdoshlarimiz uchun optimal tanlov bo‘la oladi.

O‘QING: YouTube-kanalimizga qo‘shiling – MDC Prime Lite videotavsifi joylandi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!