MediaTek biryo‘la ikkita – Dimensity 1200 hamda Dimensity 1100 protsessorlarini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  548
  •  20.01.2021 17:53

MediaTek biryo‘la ikkita – Dimensity 1200 hamda Dimensity 1100 protsessorlarini taqdim etdi

Tayvanlik chipsoz flagman smartfonlar uchun Dimensity 1200 chipsetini tayyorlayotgani va u Redmi K40 turkumi vakillaridan birida qo‘llanishi haqida yozgan edik. MediaTek kompaniyasi u bilan birga yana bir – Dimensity 1100 rusumli protsessorini ham namoyish qildi.

O‘QING: Mobil protsessorlar bozorida endi Qualcomm lider emas!

Dimensity 1200 modeli flagman smartfonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, markaziy chipi sakkizta (1 + 3 + 4) yadroni o‘z ichiga olgan. Ularning orasida asosiy sifatida 3,0 GGs chastotasida ishlovchi Cortex-A78 tanlangan. Chipset tarkibiga yana 2,6 GGs.lik uchta Cortex-A78 hamda 2,0 GGs.lik to‘rtta Cortex-A55 yadrolari kiradi.

Qiyoslash uchun, Dimensity 1000+ protsessorida maksimal chastotasi 2,6 gigagers bo‘lgan Cortex-A77 yadrosi qo‘llangan edi. Yakka yadroli rejimda yangi platforma taxminan 20% tezkor bo‘lishi kutilmoqda.

O‘QING: Hamyonbop Android-smartfonlardan qaysilari eng zo‘r? (AnTuTu reytingi, 2020 yil dekabr)

Dimensity 1100 platformasi esa o‘rta narx toifasidagi 5G-smartfonlarga mo‘ljallab chiqarilgan. Unda asosiy yadro yo‘q – to‘rtta Cortex-A78 yadrosi 2,6 GGs. chastotada ishlaydi, yana 2,0 gigagerslik to‘rtta Cortex-A55 yadrosi bor. Shunga qaramay, arxitekturasiga ko‘ra u Dimensity 1000+ protsessoridan ustunlikka ega, demoqda ishlab chiqaruvchi.

Har ikkala protsessor ham 9 yadroli Mali-G77 grafik tezlatgichini o‘z ichiga oladi. Dimensity 1200 chipseti yangilanish chastotasi 168 Gs bo‘lgan ekranlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Uning tarkibida suratlarni qayta ishlash uchun 5 yadroli chip qo‘llangan bo‘lib, smartfonga 200 megapikselgacha aniqlikdagi kamera o‘rnatish imkonini beradi. Bulardan tashqari, yangilangan sun’iy idrok tizimi bilan tungi suratlarni qayta ishlash 20 foizga tezlashgan.

Dimensity 1100 bo‘lsa smartfonda 144 gersgacha chastotali ekran hamda 108 megapikselgacha aniqlikdagi kamera bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ikkala protsessorni ham Realme, Xiaomi, Vivo va Oppo kabi smartfonsozlar tez orada o‘z qurilmalarida qo‘llashini aytishgan.

O‘QING: TOP-10: Eng ravon ishlovchi smartfonlar (Master Lu reytingi, 2020 yil)