Megapiksel smartfon kamerasidagi eng muhim omilmi?

Megapiksel smartfon kamerasidagi eng muhim omilmi?

Shubhasiz, oxirgi yillarda smartfon kameralari sifati ancha yaxshilandi va bu davom etmoqda. Xo‘sh, mobil kameraga yuqori sifatli suratlarni olish imkonini beradigan faktor nimada?

Ushbu maqolada biz smartfon kamerasining sifatini belgilovchi bir necha omillarni ko‘rib chiqamiz.

Piksellar soni va hajmi

Megapiksellar, ehtimol, mobil kameralarning eng taniqli xususiyatlaridan biridir. Chunki ko‘p odamlar megapikseli yuqori bo‘lgan kamerali smartfon megapikseli past kamerali smartfonga qaraganda yaxshiroq suratga oladi deb o‘ylaydi. Albatta, bu gapda ham jon bor, biroq bunda kamera sifatini belgilab beruvchi boshqa muhim omillar ham mavjud. 

Smartfon kamerasining sensori yuzasida millionlab yorug‘lik tortadigan fotosaytlar mavjud. Fotosuratdagi piksellar soni kamera sensoridagi fotosaytlar soniga to‘g‘ri keladi.

Megapiksel bir million pikselni tashkil qiladi. Demak, 12MP kamerada olingan suratda 12 million piksel (4000 X 3000) bo‘ladi. Bu, shuningdek, kamera sensori yuzasida 12 million fotosaytlar bo‘lishini anglatadi. Kamera megapiksellarining umumiy soni rezolyutsiya deb ataladi. 

Kamera pikseli qancha ko‘p bo‘lsa, uning rezolyutsiyasi shuncha baland bo‘ladi. Bu rasmning aniqlik darajasi yuqori ekanligini bildiradi. Agar telefondagi suratni katta hajmda chop etmoqchi bo‘lsangiz, yuqori rezolyutsiyadagi surat piksellanish sababli o‘z sifatini yo‘qotib qo‘ymaydi. 

Piksel hajmi piksellar soni kabi kamerada muhim ahamiyatni kasb etadi. Chunki sensordagi katta hajmli piksllar kichik piksellarga nisbatan yorug‘likni yaxshiroq qabul qiladi. Bu yorug‘lik past bo‘lgan joylarda sifatli suratlarni olishga yordam beradi. 

Sensor o‘lchami 

Sensor har qanday raqamli kameraning eng muhim qismi hisoblanadi. U fotosaytlar orqali olgan yorug‘likdan raqamli tasvirni yaratish vazifasini bajaradi. Sensorning o‘lchami smartfon kamerasining sifatini aniqlashda juda muhim omil hisoblanadi, chunki u sensorga qancha fotosayt sig‘ishi va ular qanchalik katta bo‘lishi mumkinligini belgilaydi.

Rezolyutsiya va kamera sifati o‘rtasidagi nozik muvozanat bo‘lib, sensorda qancha ko‘p piksel bo‘lsa, ularning hajmi shuncha kichik bo‘ladi. Bu bilan yuqori rezolyutsiyadagi suratlarni olish mumkin, biroq piksellar hajmi kichik bo‘lgani sabab yorug‘lik past bo‘lgan joyda olingan suratda raqamli shovqin paydo bo‘lish ehtimoli yuzaga keladi. 

Boshqa tomondan, katta sensorlar o‘ziga katta fotosaytlarni joylashtirishi mumkin, ya’ni yorug‘lik yaxshi bo‘lmaganda, sensor sifatli tasvirlarni olish uchun zarur bo‘lgan yorug‘likni qabul qila oladi. Ammo katta hajmli piksel sensorda piksellar soni kamayishiga sabab bo‘ladi. 

Demak, smartfon kamerasida piksellar soni ko‘p bo‘lishi unchalik muhim emas. Hozirda megapikseli yuqori bo‘lgan kameraga ega smartfonlar kompaniyalarning marketing hiylasi bo‘lib qolmoqda. Biz esa kamera sifatini belgilovchi omillarni sanashni davom etamiz. 

Linza va uning sifati 

Linzalar kameraga kiradigan tarqoq nurni yig‘ish va uni sensorga yo‘naltirish vazifasini bajaradi. Shu sababli, xromatik aberatsiya (yorug‘lik sinishi sababli kamera fokusni ololmasligi) va boshqa muammolarni oldini olish uchun sifatli linzalar kamera uchun zarur. Linzaning sifati haqida gapirish biroz mushkul. Sababi uni ko‘rish yoki ushlashning imkoni mavjud emas. Yagona yo‘l bu smartfon kamerasini test qiluvchi saytlar orqali smartfon kamera linzasining sifatini bilib olish. 

Ayrim smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar foydalanuvchilarning smartfon kameralariga bo‘lgan ishonchini oshirish uchun kamera linzalarini ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniyalar bilan hamkorlik qilishadi. Misol uchun, Nokia tarixda Ziess kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan. Hozirda Huawei hamda Xiaomi kompaniyalari Leica bilan, OnePlus va Oppo esa Hasselblad kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda. 

Diafragma

Yuqorida yorug‘lik kamera uchun naqadar muhim narsa ekanligini bilib oldik. Diafragma ham yorug‘lik bilan bog‘liq, aniqroq qilib aytganda, u yorug‘likni kameraga kirib kelishini ta’minlaydi. 

Diafragma linzasi “f“ harfi bilan ko‘rsatiladi. Pastroq f raqam, kengroq diafragma degani. Misol uchun, f/1.4 diafragma f/2.2 ga qaraganda kengroq hisoblanadi. Kengroq diafragma bu yaxshiroq surat degani. Chunki kamera yorug‘lik qancha ko‘p yetib borsa, u yanada sifatli suratni taqdim etadi. Ammo bunda ham yorug‘lik meyordan oshmasligi kerak. 

Ayrim linzalarda diafragma o‘zgaruvchan bo‘ladi. Oddiyroq qilib aytganda, bunda kameraga qancha yorug‘lik kirib borishini boshqarish mumkin. Samsung kompaniyasining flagman modellari o‘zgaruvchan diafragmaga ega. 

Tasvir signali protsessori

Tasvir signali protsessori smartfonning asosiy qismi hisoblanadigan chipda joylashgan bo‘ladi. U sensor tomonidan olingan yorug‘lik ma’lumotlarini qayta ishlash va uni mobil video hamda fotosuratlarga aylantirish vazifasini bajaradi. 

Tasvir signali protsessorida suratga olingan rasmga ishlov beriladi. Bu jarayonda suratdagi ayrim kamchiliklar to‘g‘irlanadi. Sifatli tasvir signali protsessori ranglarni xuddi real hayotdagi kabi tasvirlab, suratni sifatli chiqishini ta’minlaydi. 

Tasvir signali protsessorining kuchi, shuningdek, hisoblash fotografiyasida ham nomoyon bo‘ladi. Misol uchun, portret suratlarda bokeh effektini hosil qilishni olaylik. Oddiy kamerlar bu effektni tabiiy yarata oladi, ammo smartfon kameralari bunday qila olmaydi. Hisoblash fotografiyasiga HDR va tungi rejimlarni ham misol qilib keltirish mumkin. Optik hamda raqamli zumni birlashmasi hisoblanuvchi gibrid zum ham tasvir signali protsessorining hisoblash fotografiyasiga aloqador funksiyadir. 

Qisqa qilib aytganda, agar smartfonga o‘rnatilgan chipning tasvir signali protsessori yaxshi bo‘lsa, u kamerada olingan suratlarni yaxshi qayta ishlay oladi. Bundan tashqari, HDR, portret hamda tungi rejimda olingan surat va videolar sifati yaxshilanadi.

Boshqa omillar

Kamera sifatini oshiruvchi yana bir necha omillar mavjud. Tasvir stabilizatsiyasi ham video va suratlar sifatini oshirishga yordam beradi. Asosan flagman smartfonlarda optik stabilizatsiya bo‘ladi. Bu videodagi silkinishlarni oldini olib, video barqarorligini ta’minlaydi. Avtofokus ham kameraning asosiy funksiyalaridan biri. U asosan ob’yektni kamera fokusidan chiqib ketishini oldini oladi. 

Xulosa 

Yuqoridagi barcha fikrlardan kelib chiqsak, megapikselini kamera sifatini belgilovchi asosiy omil deyish mushkul bo‘ladi. To‘g‘ri, megapikseli yuqori kamera aniq detallashgan suratlarni taqdim etadi. Biroq, birgina bu bilan sifatli suratlarni olish qiyin. Hozirda smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar marketing hiylasi bilan byudjet smartfonlarga ham 108MP, hatto 200MP kamerlarni o‘rnatishmoqda. 

Agar ushbu smartfonlarning texnik ko‘rsatkichlariga qaraydigan bo‘lsak, kamera sensorining hajmi kichik, piksel soni va hajmi orasidagi nomutanosiblik, tor diafragma, kuchsiz chipset, avtofokus va stabilizatsiyaning yo‘qligi kabi kamchiliklarga ko‘zimiz tushadi. Shuning uchun ham faqat megapiksel bilan kamera sifatini baholash katta xato hisoblanadi.

O‘QING: HDR va Dolby Vision nima va ular qanday vazifani bajaradi? 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!