Meizu 16s namoyish etildi: SD 855 chipli va 48 MPlik kamerali flagman – 476 dollardan!

  •   DiMaX
  •  726
  •  24.04.2019 13:41

Meizu 16s namoyish etildi: SD 855 chipli va 48 MPlik kamerali flagman – 476 dollardan!

O‘zbekiston bozoriga ham rasman kirib kelgan taniqli Xitoy kompaniyalardan biri o‘zining Meizu 16s smartfonini tayyorlagani haqida yozganmiz. AnTuTu’da barcha flagmanlarni «yer tishlatgan» ushbu flagmanning namoyish tadbiri kecha – 23 parel kuni bo‘lib o‘tdi.

O‘QING: Ertaga taqdim etilayotgan Meizu 16s flagmanini Xitoydagidan ham arzon olish mumkin!

Meizu 16s zamonamizning eng ilg‘or Android-protsessori – Snapdragon 855 bazasida ishlaydi. Smartfonning versiyasiga qarab, ushbu chipga 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Smartfonning doimiy xotirasi 128 gigabaytlik, Xitoyda esa uning 256 gigabaytlik versiyasi ham chiqadi. Afsuski, xotirani kengaytirish uchun microSD-karta uyachasi ham yo‘q.

Diagonaliga 6,2 dyuymlik, AMOLED matritsali displeyning tasvir aniqligi Full HD+ formatida, ya’ni 1080x2232 piksellik. Yupqa hoshiyali ekranning pastki qismiga barmoq izi skaneri integratsiya qilingan.

Meizu 16s akkumulyatori 3600 mA/soatlik tok sig‘imiga ega va 24 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlana oladi. Aytish kerakki, undan avvalgi – Meizu 16th (sotib olish) flagmanida batareya sig‘imi 3010 mA/soatga teng.

O‘QING: Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

Yangi smartfonning bosh kamerasi qo‘shaloq bo‘lib, uning asosiy moduli 48 megapiksellik Sony IMX586 datchigidir. Kameraning ikkinchi – 20 megapiksellik sensori ham shu kompaniyaga tegishli – Sony IMX350 modulidir; uch karralik optik zumga ega. Meizu 16s ekrani tepasida selfi uchun 20 megapiksellik Samsung 3T2 moduliga ega old kamera joylangan. U ham turli rejimlar bilan boyitilgan: qiyofani tanib olish, tungi rejim va hokazo.

Ikkita SIM-karta uyachasi bilan ta’minlangan bu smartfon Android operatsion tizimining eng so‘nggi – 9 Pie talqini boshqaruvi ostida, Flyme OS 8 interfeysi bilan ishlaydi. Kompaniya ushbu flagmanida ilk bora kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipini qo‘llagan. Meizu 16s korpusi o‘lchamlari 151,9x73,4x7,65 millimetrga, vazni esa 165 grammga teng. Unda zamonaviy USB Type-C porti mavjud, lekin an’anaviy 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi olib tashlangan.

Meizu 16s uch xil – Carbon Black (qora), Pearl White (oq) hamda Phantom Blue (ko‘k) tusli korpuslarda taklif etiladi. Uning tezkor/doimiy xotirasi 6/128 gigabaytlik talqini uchun taxminan 476 AQSh dollariga teng narx belgilangan. Flagmanning 8/128 gigabaytligini 520 dollarga, Xitoy uchun eksklyuziv – 8/256 gigabaytligini esa 595 dollarga olsa bo‘ladi.

Meizu kompaniyasining turli rusumlardagi boshqa smartfonlarini esa atigi 750 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish mumkin.

O‘QING: Terashop.uz’da Meizu smartfonlari arzonlashdi (2019 yil 2 aprel) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkaziladi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.