Meizu 17 – kompaniyaning hali taqdim etilmagan ilk 5G-smartfonini «jonli» suratlarda ko‘ramiz!

  •   DiMaX
  •  401
  •  01.05.2019 13:31

Meizu 17 – kompaniyaning hali taqdim etilmagan ilk 5G-smartfonini «jonli» suratlarda ko‘ramiz!

Xitoyning ushbu kompaniyasi hali yaqindagina Meizu 16s flagmanini taqdim etib, sotuvga chiqargan edi. Internetda allaqachon uning izdoshi – Meizu 17 haqida ma’lumotlar va hatto «jonli» rasmi ham paydo bo‘ldi!

O‘QING: Meizu 16s’ning ilk partiyasi allaqachon sotib bo‘lindi

Ushbu qurilma bugun – 1 may kuni Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan China Unicom Partner Conference tadbirida ko‘rsatildi. Mazkur konferensiyada beshinchi avlod uyali aloqa texnologiyalari xususida ham fikrlar almashilmoqda.

Modomiki Meizu’ning navbatdagi flagmani kelajakka intilgan ekan, uning 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi turgan gap. Kompaniya stendidagi shior ham shunga ishora qilyapti: «Yangi 5G erasini qarshi oling, Meizu 17 chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda».

Meizu ushbu tadbirga balandparvoz shior tayyorlabgina qolmasdan, Meizu 17 modelining namoyish uchun tayyorlangan namunasini ham olib kelgan. Garchi uning ikkitagina surati bo‘lsa-da, mazkur model Meizu Zero – umuman tugmachasiz va tirqishsiz dunyodagi birinchi smartfonning seriyali ishlab chiqarilayotgan versiyasi ekanini taxmin qilish mumkin.

O‘QING: Tugmachasiz va tirqishsiz ilk smartfon – Meizu Zero sotuvga chiqdi, narxi esa qo‘rqqulik!

Mana, Meizu 17 modelining old paneli o‘sha «sip-silliq» smartfonga judayam o‘xshash va pastki qirrasida port yo‘q:

Shuningdek, xuddi Meizu Zero gadjetidagi kabi, hali taqdim etilmagan 5G-smartfonning ham yuqori qirrasida biror tugmacha yoki tirqish ko‘rinmaydi:

Aytib o‘tish kerakki, Mezu Zero juda katta shov-shuvlar bilan namoyish etilgan, ammo o‘ta kam sotilgani sababli kompaniya bu modelni ishlab chiqarishdan olib tashlagan edi. Agarda Meizu 17 flagmani eng ilg‘or platforma va kamerani taklif etsa, 5G tarmog‘ida ishlasa hamda o‘ta qimmat chiqmasa, uning bozori chaqqon bo‘lishi aniq.

Meizu kompaniyasining turli rusumlardagi boshqa smartfonlarini esa atigi 733 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish mumkin.

O‘QING: AnTuTu testida iPhone XS Max, Galaxy S10+, Mi 9 va boshqalarni «yer tishlatgan» yangi flagman bilan tanishing!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!