Meizu hayot ekan: uning maxfiy kamerali yangi flagmanini videoda ko‘rsatishdi!

  •   DiMaX
  •  969
  •  29.01.2021 15:45

Meizu hayot ekan: uning maxfiy kamerali yangi flagmanini videoda ko‘rsatishdi!

Xiaomi’ning asosiy raqiblaridan hisoblangan Meizu kompaniyasi bultur 8 may kuni o‘tkazgan onlayn konferensiyada Meizu 17 turkumi smartfonlarini rasman taqdim qilgandi. Ungacha o‘tkazilgan testda ushbu model Xiaomi Mi 10, Huawei P40 Pro hamda Oppo Find X2 Pro flagmanlarini ortda qoldirgan edi. Lekin keyin bu smartfonsoz ancha «jimib» ketgan.

O‘QING: Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

Meizu allaqachon o‘z ommabopligini yo‘qotgan bo‘lsa-da, kompaniya hamon faoliyat ko‘rsatmoqda va hatto yangi flagmanini tayyorlab ulgurgan ham. Meizu 18 rusumli bu smartfoni kadr yangilanish chastotasi 120 gers bo‘lgan OLED-ekran bilan jihozlanmoqda. Uning kamerasi ko‘p modulli, akkumulyatori 4500-5000 mA/soatlik va tezkor quvvatlanuvchi bo‘lishini aytishmoqda.

Eng muhim jihatlaridan biri – Meizu 18 smartfonida selfilar uchun ekranosti kamera qo‘llanishini aytishmoqda. Jumladan, Weibo ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan quyidagi videorolikda aynan shu model ko‘rsatilgan, deyishyapti:

Yangi flagmanning «elektron yuragi» sifatida Qualcomm kompaniyasining eng kuchli protsessori – 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan Snapdragon 888 chipseti tanlangan. Meizu 17 modelining may oyida namoyish etilganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, uning davomchisi ham bahorda debyut qilsa kerak.

Darvoqe, AnTuTu benchmarkining bultur avgustdagi o‘z egasini rozi qilgan TOP-10 smartfon reytingida ikkinchi o‘rinni Meizu 17 Pro modeli olgan edi. O‘z narxini ko‘p yo‘qotmaydigan smartfonlarning kuzda e’lon qilingan reytingida esa Meizu 16s Pro flagmani kumush medalga loyiq ko‘rilgan.

O‘QING: Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.