Meizu Watch chiqdi: flagman Snapdragon chipi, eSIM va NFC (+video)!

  •   DiMaX
  •  452
  •  01.06.2021 12:37

Meizu Watch chiqdi: flagman Snapdragon chipi, eSIM va NFC (+video)!

Bir necha yillik kutishdan so‘ng Meizu kompaniyasi o‘zining ilk to‘laqonli aqlli soatini rasman taqdim etdi. Meizu Watch rusumli gadjet elektron SIM-karta bilan jihozlangan.

O‘QING: HarmonyOS tizimida ishlayotgan Huawei Watch 3 ilk «jonli» videoda!

Mazkur qurilma Huawei kompaniyasining HarmonyOS (xitoychasi – Hongmeng) operatsion tizimi bilan chiqishi aytilgan edi. Biroq Meizu uni o‘zining Flyme OS for Watch tizimi bazasida tayyorlabdi.

Meizu Watch to‘rtburchak shakldagi, diagonaliga 1,78 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Tasvir aniqligi 448x368 piksellik (326 ppi), yorqinligi esa 500 nit bo‘lgan ekran yuzasiga Corning Gorilla Glass brendining 2,5D-shishasi yotqizilgan. Soatni boshqarish uchun korpusning yon qirrasida bittagina moddiy tugmacha qo‘llangan.

Devaysning texnik ta’minoti asosini Qualcomm kompaniyasining shu tur gadjetlar uchun flagman platformasi – Snapdragon Wear 4100 protsessori tashkil etadi. Meizu Watch ko‘plab siferblatlarni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, yangilarini yaratish imkonini ham beradi. Mazkur smartvotchni boshqa aqlli qurilmalarni boshqarish, kiruvchi qo‘ng‘iroqlarga javob berish uchun qo‘llash mumkin. Shuningdek, masofadan turib smartfon kamerasini ishga tushirish, unda musiqani boshqarish imkoniyatlari ham mavjud. Doimiy xotirasi 8 gigabayt ekanligi bois, qo‘shiqlarni bevosita soatning o‘zida saqlash mumkin.

O‘QING: Avtonomligi 14 kunga boruvchi, GPS chipli va IP68 himoyali Realme Watch 2 Pro chiqdi (video)

Meizu Watch yordamida pulsni, qonning kislorodga to‘yinganlik darajasini, arterial qon bosimini, uyqu sifatini va stress darajasini kuzatib borsa bo‘ladi. Aksessuar ko‘plab sport rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mazkur aqlli soatning o‘ziga xosliklaridan biri – elektron SIM-karta, ya’ni eSIM texnologiyasi joriy etilganligidir. Uning sharofati bilan Meizu Watch smartfonga bog‘lanmasdan, to‘liq avtonom rejimda ham ishlay oladi, uning o‘zidanoq qo‘ng‘iroq qilish mumkin! Smart-soatda NFC chipi ham mavjud, lekin u faqatgina shu kompaniyaning Meizu Pay to‘lov tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma akkumulyatori 420 mA/soatlik bo‘lib, u smartvotchning 36 soatgacha avtonom ishlashini ta’minlaydi.

Meizu Watch o‘z yurtida bugun – 1 iyundan sotuvga chiqqan, narxi 235 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Uning global bozorga taqdim etilishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

O‘QING: TOP-5: Dunyo bozorida qaysi aqlli soatlar eng ko‘p sotilyapti? (2021 yil 1-chorak)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!