Meizu Zero – mutlaqo tugmachasiz va tirqishsiz birinchi smartfon ilk «jonli» suratda!

  •   DiMaX
  •  1387
  •  23.01.2019 11:35

Meizu Zero – mutlaqo tugmachasiz va tirqishsiz birinchi smartfon ilk «jonli» suratda!

Vivo kompaniyasi umuman birorta ham porti va tugmachasi bo‘lmagan smartfon tayyorlaganiga shu yilning boshidan buyon shama qilib kelmoqda. Ammo kecha – 22 yanvar kuni kutilmaganda Meizu ham shunday bayonot bilan chiqdi!

O‘QING: Meizu ertagayoq «dunyodagi ilk tirqishsiz smartfon»ni taqdim etyapti!

Bundan ham qizig‘i – Meizu ushbu «haqiqiy texnologiyaga ega» modelini Vivo Apex 2019 smartfoni namoyishidan ham avval, ya’ni bugun rasman taqdim etishi mumkin. Bugun ertalab u Weibo ijtimoiy tarmog‘ida mazkur inqilobiy smartfon haqidagi ilk ma’lumotlarni va uning «jonli» rasmini ham e’lon qildi.

Avvalo, ushbu qurilma Meizu Zero deb nomlanadi – bu esa uning hech qanaqa porti yoki tugmachasi yo‘qligini anglatadi («Zero» – «nol» degani).

O‘QING: Vivo Apex 2019 – umuman tirqishsiz va tugmachasiz smartfonni ilk suratlarda ko‘ramiz!

Kompaniya ushbu smartfonini dunyoga tanitishni antiqa surat bilan boshladi: unda Meizu Zero suvli bankaga solingan, ishlayotgan holatida ko‘rsatilgan! Modomiki birorta tirqishi yo‘q ekan, u suv ostida ham ishlayveradi, lekin kompaniya uning suvdan himoyalanmaganini ta’kidlagan!

Suvda tasvir yaxshi ko‘rinmagan, ammo ekranning pastki va yon tomonlaridagi romlari yupqa ekanligi, yuqori romi sal qalin bo‘lib, unda faqat old kamera borligini, so‘zlashuv dinamigi yo‘qligini ko‘rish mumkin. Korpusning pastki qirrasida hech qanday tirqish, yon qirrasida esa an’anaviy tugmachalar yo‘q.

Xullasi kalom, Meizu Zero umuman tirqishsiz ilk Android-smartfon bir necha soatlarda rasman namoyish etiladi. Bu antiqa telefon bilan birinchilar qatorida tanishish uchun bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: «Jonli» video: Mutlaqo tugmachasiz va tirqishsiz Vivo smartfonini ushlab ko‘rganlar uni «silliqlangan shag‘al» va «metall sovun»ga o‘xshatishdi