Meizu Zero rasman namoyish qilindi – hech qanaqa tugmacha, dinamik, SIM-karta uyachasi va porti bo‘lmagan ilk smartfon!

  •   DiMaX
  •  2211
  •  23.01.2019 16:19

Meizu Zero rasman namoyish qilindi – hech qanaqa tugmacha, dinamik, SIM-karta uyachasi va porti bo‘lmagan ilk smartfon!

Xitoydagi texnologik kompaniyalardan biri – Vivo umuman birorta ham porti va tugmachasi bo‘lmagan smartfon tayyorlaganini aytib, uning taqdimotiga tayyorlanayotgan edi. Ammo kutilmaganda Meizu ham otni qamchilab qoldi – hamyurtidan avval xuddi shunday qurilmasini rasman namoyish etdi!

O‘QING: Meizu Zero – mutlaqo tugmachasiz va tirqishsiz birinchi smartfon ilk «jonli» suratda!

Meizu Zero deb nomlangan ushbu haqiqiy innovatsion qurilma har qanday tirqishlardan xoli ilk Android-smartfon sifatida tarixga kirdi. Boshqa modellardan farqli ravishda, uning korpusida ko‘pgina odatiy unsurlar yo‘q. Masalan – unga barmoq izi skaneri, dinamik va mikrofon umuman o‘rnatilmagan. Ularning barcha vazifalarini esa bittagina AMOLED-displey bajaradi!

Diagonaliga 5,99 dyuymlik mazkur ekran mSound 2.0 texnologiyasini qo‘llagan holda ishlab chiqilgan. Meizu Technology vitse-prezidenti Li Nan (Li Nan) ta’kidlashicha, bunday displeydan eshitish uchun quloqqa aynan bitta nuqtasini to‘g‘rilash shart emas. Hatto quloqqa smartfonning orqa panelini tutgan holda ham bemalol gaplashaverish mumkin.

Tabiiyki, noodatiy smartfonning korpusi ham o‘zgacha: u «unibody» texnologiyasi asosida yaratilgan bo‘lib, keramik qoplamaga ega. Shu tufayli hamda tirqishlari yo‘qligi evaziga smartfonni IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalash uncha qiyin bo‘lmagan.

Meizu Zero yaratuvchilari oldida turgan asosiy masalalardan biri – akkumulyatorni quvvatlash edi. Hech qanaqa USB-port qo‘llanmagani uchun unga simsiz quvvatlash texnologiyasini tatbiq etishgan. Mazkur modelda 18 vattgacha quvvat uzatish yo‘lga qo‘yilgan, demak, Meizu Zero batareyasining quvvat olish tezligi oddiy smartfonlarning simli quvvatlanish tezligidan past bo‘lmaydi. Kompaniyaning faxr bilan ta’kidlashicha, simsiz quvvatlashning ushbu texnologiyasini ishlab chiqishga ikki yil vaqt sarflangan va u naq 75 ta patent bilan muhofaza etilgan!

Smartfonda SIM-karta uyachasi ham yo‘q – uning o‘rniga eSIM texnologiyasi qo‘llangan, quloqchin ulash uchun esa Bluetooth interfeysidan foydalaniladi. Korpusning yon tugmachalari o‘rniga o‘sha hududlarda sensor yuzalar joylangan bo‘lib, ular bosishning qanchalik kuchli ekanini ham farqlaydi.

Inqilobiy devaysning asosiy kamerasi xuddi Meizu 16 modelidagi kabi – 12 megapiksellik Sony IMX 380 va 20 megapiksellik Sony IMX 350 datchiklari. Old kameraning aniqligi esa 20 megapikselni tashkil etadi.

Meizu Zero hozircha yakka kristalli Snapdragon 845 protsessori bazasida yaratilgan. Lekin, Li Nan so‘zlariga ko‘ra, Qualcomm Snapdragon 855 chipi ommaviy tarzda keng miqyosda yetkazib berila boshlagach, tirqishsiz smartfon ham darhol unga «ko‘chib o‘tadi». Bundan tashqari, inqilobiy gadjet antennasi boshidanoq 5G tarmog‘iga moslangan, demak, Meizu Zero’ning keyingi varianti beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini ham qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Mazkur smartfonda LPDDR4X turidagi tezkor xotira qo‘llangan, ammo kompaniya hozircha uning hajmini aytmagan. Sababi oddiy – Meizu hozircha bu qurilmasini bozorga chiqarishga tayyor emas. Ehtimol, yilning keyingi choragida uni yangilangan variantda – Snapdragon 855 chipi bilan to‘laqonli taqdim etishar va sotuvga ham chiqarishar.

Hozircha esa uning raqibini kutamiz – uni ertagayoq taqdim etishadi.

O‘QING: «Jonli» video: Mutlaqo tugmachasiz va tirqishsiz Vivo smartfonini ushlab ko‘rganlar uni «silliqlangan shag‘al» va «metall sovun»ga o‘xshatishdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!