Messi katta pul sabab Samsung’dan kechib, Huawei bilan shartnoma imzoladi

Messi katta pul sabab Samsung’dan kechib, Huawei bilan shartnoma imzoladi

Ispaniyaning “Barselona” futbol klubi o‘yinchisi Lionel Messi Huawei’ning rasmiy qiyofasi va xalqaro elchisi etib tayinlandi. Marosim 17 mart kuni Ispaniyaning Fairmont Rey mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi 3 yil mobaynida Messi Samsung’ning reklama roliklarida suratga tushib kelayotgan edi. Ammo futbolda bo‘lgani kabi, mobil biznesda ham pul eng muhim masala.

Mashhur futbolchi xitoylik yirik texnologiya ishlab chiqaruvchisidan rad etib bo‘lmaydigan darajada moliyaviy taklif olgani aytilmoqda.

Huawei va Messi o‘rtasida imzolangan shartnoma qiymati rasman e’lon qilinmagan. Ammo xorijlik manbaalar Messi buning uchun yiliga 8 million yevro haq olishini aytishmoqda. Samsung esa Messining qiyofasi uchun yiliga 3 million yevro to‘lab kelayotgan edi.

“Orzuga erishish uchun kurashish kerak. Doim nimadandir voz kechishga to‘g‘ri keladi va shunga qaramasdan yuksaklik tomon intilish kerak. Shunday damlar bo‘ladiki, hech narsani o‘zgartirishning imkoni qolmaydi. Demak, oldimizga yangi maqsadlar qo‘yib, uning sari borishga to‘g‘ri keladi,” dedi marosimda 5 marotaba FIFAning “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi.

Huawei vakili Kevin Xo Jahonning 170 mamlakatida axborot texnologiyalari yo‘nalishida bizesini yo‘lga qo‘ygan Huawei va super futbol yulduzi Messining hamkorligi mantiqan to‘g‘riligini aytdi.

“Lionel Messi bizning brend ishqibozlarini yuksak maqsadlar sari boshlab boradi,” deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Huawei 2015 yilda 108 million dona smarfton sotib, xalqaro smartfon bozorida Apple va Samsung’dan so‘ng jahondagi eng yirik 3 brendga aylandi. Kompaniya joriy yilda smartfon bozoridagi sotuvini 300 foizga oshirishni reja qilgan.

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!