Meta kompaniyasi Twitter "qotili"ni tayyorlamoqda!

Meta kompaniyasi Twitter

Twitter'ni sotib olgach, Ilon Mask unda ko'plab sezilarli o'zgarishlarni amalga oshirdi, biroq ularning hammasi ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga yoqmadi va ular Twitter muqobillarini qidira boshladilar. Natijada Mastodon kabi boshqa platformalar ancha ommalashdi. Hozir ham Twitter obunachilarini yo'qotishda davom etar ekan, uning o'rnini egallash uchun xuddi shunday mikroblogging platformalar ishlab chiqilmoqda: biri sobiq Twitter rahbari, Jek Dorsi tomonidan yaratilayotgan BlueSky bo'lsa, yana biri ijtimoiy tarmoqlar giganti, Meta tomonidan tayyorlanayotgan yangi ilova bo'ladi.

Mart oyida Meta kompaniyasi matnli yangiliklarni ulashish uchun yangi mustaqil ilova ustida ishlayotganini rasman ma'lum qilgan edi va endilikda bizda u haqda ko'proq ma'lumotlar bor – ICYMI muallifi, Lia Haberman o'zining Substack'dagi sahifasi orqali Instagram bo'lajak Twitter raqobatchisining ehtimoliy marketing slaydini ulashdi. Yangi ijtimoiy tarmoq, ehtimol, hali nomlanmagan. Ulashilgan materilda u shunchaki "Instagram'ning suhbatlar uchun matnga asoslangan yangi ilovasi" deya keltirilgan. Uning kod nomi esa "P92" yoxud "Project 92" va shu bilan birga "Barcelona" ekanligi aytilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha "hozircha nom olmagan ilova" Instagram bilan qisman bog'langan bo'ladi. Unga siz o'z Instagram akkauntingiz bilan kirishingiz/ro'yxatdan o'tishingiz mumkin. Bunda sizning ma'lumotlaringiz va obunachilaringiz yangi ilovaga o'zgarishsiz o'tadi.

Foto: Lia Haberman

Ulashilgan marketing materialida siz bo'lajak ilovaning skrinshotlarini ko'rishingiz mumkin. Bir qarashda u Instagram va Twitter'ning birlashtirib yuborilgan variantiga o'xshaydi. Ilova ichida siz asosiy lentani ko'rasiz va u yerda siz 500 tagacha bo'lgan belgili matnli postlarni havolalar, rasmlar va 5 daqiqagacha bo'lgan videolarni biriktirgan holda ulasha olasiz. Qolaversa, siz postlarga xuddi Instagram'dagidek yurakchali layklar bosishingiz izoh qoldirishingiz ham mumkin bo'ladi.

Marketing materialida keltirilishicha, platformada xavfsizlikka jiddiy qaraladi va siz unda sizga kimlar izoh qoldira olishi va kimlar sizni o'z postlarida belgilay olishini boshqara olasiz. Siz Instagram'da bloklagan akkauntlar ushbu ijtimoiy tarmoqqa ham xuddi shunday tarzda ko'chib o'tadi. Meta yangi ijtimoiy tarmog'i uchun ham Instagram qonun-qoidalarini qo'llaydi.

Eng muhimi yangi platforma markazlashtirilmagan bo'ladi. Uning ActivityPub protokoliga asoslanganligi Mastodon va BlueSky bilan o'zaro hamkorlikda ishlashga imkoniyat yaratadi, ya'ni sizning profilingiz ushbu ijtimoiy tarmoqlarda ham ko'rinadigan bo'ladi. Ulardagi foydalanuvchilar sizning profilingizni ko'rishi sizga obuna bo'lishi va sizga ta'sir qiladigan amallarni bajarishi mumkin va siz ham xuddi shunday imkoniyatlarga ega bo'lasiz.

Hozirda Meta o'zining yangi ilovasini taniqli shaxslar bilan sinovdan o'tkazmoqda. Mish-mishlarga qaraganda Instagram'ning yangi Twitter raqobatchisi iyun oxirida chiqariladi.