Meta (sobiq Facebook) o'zbekistonlik dasturchilarga sarmoya kiritadi

Meta (sobiq Facebook) o'zbekistonlik dasturchilarga sarmoya kiritadi

Qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov va Aziz Murtazoyev singapurlik hamkori Jastin Kim bilan birgalikda “Ami” ruhiy salomatlik bo‘yicha startap ishga tushirish uchun Meta (Facebook) tomonidan 3 million AQSh dollariga teng investitsiya jalb qildi, deya xabar bermoqda IT-Park o'z veb-saytida.

Ma'lum bo'lishicha, loyiha ruhiy salomatlik xizmatini yanada qulayroq qilish uchun onlayn maslahat seanslarini o‘z ichiga oladi. Bu Osiyo mamlakatlaridagi biznes egalariga o‘z xodimlarining ruhiy salomatligini yaxshilash imkonini beradi.

Startap asoschilari ta’kidlashicha, bunday platformani yaratish g‘oyasi pandemiyadan keyin paydo bo‘lgan, negaki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2022-yil mart oyidagi hisobotiga ko‘ra, pandemiyadan so‘ng butun dunyo bo‘ylab depressiya, tushkunlik darajasi 25 foizga oshgan.

"Biz Ami jamoasining ishtiyoqi va iste’dodidan hayratdamiz. Ularning Osiyo aholisiga ruhiy salomatliklarini saqlash yo‘lida yana bir usul taqdim etish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz", deydi “Meta” kompaniyasining investitsiyalar bo‘limi rahbari Sunita Parasuraman.

Osiyoning ulkan startap markazlari Singapur va Jakartadan tashqari, Ami startapini butun Osiyo boʻylab kengaytirish, bu orqali kompaniyalarga ruhiy salomatlik platformasi yordamida yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

Dasturchilarimiz tomonidan yaratilgan platformada foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tish jarayonida maxsus formani to‘ldiradilar va jarayon davomida o‘zlarini eng ko‘p tashvishlantirayotgan masalalar haqida ma’lumotlarni kiritadilar. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, platforma ularni kerakli shifokor bilan bog‘laydi va shu tariqa mutaxassisdan zarur psixologik yordam olinadi.

O'QING: Google'dan yaqin orada buklamafon kutib ovora bo‘lmang

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!